Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Maqsadlari ulkan bolalar

Yaqinda Turkiya Respublikasi Prezidenti huzuridagi kommunikatsiyalar boshqarmasi  o‘zbekistonlik bir qator media soha jurnalistlari hamda OAV vakillari uchun Qahramonmarash, Adiyaman va Malatya viloyatlariga press-tur uyushtirdi. Turkiyalik mas’ullar hamrohligida hamkasblarimiz bilan o‘tgan yili kuchli zilzilani boshidan kechirgan oddiy odamlar taqdiri bilan tanishdik. Yaqinlari, farzandi, ota-onasi, jigarlaridan ayrilgan qardoshlarimiz hamda ko‘zlari mungli, samimiy bolajonlar bilan suhbat­lashdik. Zilziladan jabr ko‘rgan odamlarga qaytadan qurilib, foydalanishga topshirilgan turar-joylarda bo‘ldik. Uylari bitmagan, vaqtincha konteynerlarda istiqomat qilayotgan odamlar bilan suhbatlashdik. Xuddi o‘zbeklardek turklarda ham sabr-matonat, ahillik, og‘ir kunda bir-birini qo‘llab-quvvatlash kabi qadriyatlar borligiga guvoh bo‘ldik.

 

QAHRAMONMARASH

Bu viloyatda bolalar, o‘quvchilar hayoti bilan qiziqdim. Ko‘plab yoshlar bilan tanishib, suhbatlashib kelajakdagi maqsadlari, rejalari to‘g‘risida so‘radim.

Viloyat gubernatorining ta’kidlashicha, zilzila maktablar, kutubxonalar, ta’lim dargohlariga nihoyatda ziyon keltirgan. Hozirda  bu yerlarda hayot asta izga tushib bormoqda. Bolajonlar uylari oldidagi sport maydonchalarida yoki konteyner atrofida imkon topib shug‘ullanishmoqda. Kichikroq bo‘lsa-da, qaytadan barpo qilingan kutubxonalarda dars qilishmoqda, imtihonlarga tayyorlanishmoqda. Kasb-hunarga qiziqishi bor bolalar esa ustozlaridan hunar o‘rganmoqda.

– Orzularim juda ko‘p. Kelajakda styuardessa bo‘lmoqchiman, – deydi 7-sinf o‘quvchisi Asuman. – Hozirda ota-onam bilan konteynerda yashayapmiz. Zilzilada buvimni yo‘qotdik. Men uni juda yaxshi ko‘rardim. Ular menga ertaklar aytib berardi. Kelajakda o‘qimishli qiz bo‘lib ularning orzularini amalga oshirmoqchiman. Buvimlar menga “Styuardessa bo‘lasan” derdilar. Osmonni ko‘ryapsizmi? Ana shu yerga chiqaman. Ustozlarim, ota-onam aytishdi, agar men yaxshi o‘qisam, ko‘p tillarni bilsam, katta bo‘lganimda samolyotda ishlar ekanman. Hozirda inglizcha she’rlar yodlayapman. Yozda maktabimiz bitsa, xitoy tilini ham o‘rganmoqchiman.

 

ADIYAMAN

Adiyaman – zilziladan eng ko‘p zarar ko‘rgan hudud.  Bugun esa qurilishlar avjida. Ko‘plab binolar qatori bolalar uchun sport maydonchalari, kasbga yo‘naltirilgan o‘quv binolari, kutubxonalar qad rostlaganining guvohi bo‘ldik.

Qardoshlarimiz bizni Adiyamandagi vaqtinchalik yashash markaziga boshlashdi. Bilasizmi, konteynerlardan butun boshli maktab qurilgan. U yerda 750 nafar o‘quvchi ta’lim oladi. Isitish va sovutish tizimi, kanalizatsiya sifatli yo‘lga qo‘yilgan.  Markaz bolalar bilan gavjum. Sport zalda 9-sinf o‘quvchisi Emre bilan tanishdim. Uning ko‘p kitob o‘qigani gap-so‘zlaridan, fikrlashidan bilinib turar­di. Aytgancha, u meni Ya­poniyadan kelgan, deb o‘y­ladi. O‘zbekistonlikman, – de­ganimdan so‘ng ham biroz ishonmadi. Pasportimni ko‘rgach esa “Siz ko‘proq yaponlarga o‘xshar ekansiz” – dedi.

–    Zilzilaning dahshatini haligacha eslaymiz. Men o‘sha kuni buvimni ko‘rgani boshqa shaharga ketgandim. Kechqurun esa mudhish voqealar sodir bo‘ldi. Ota-onam, ukalarimdan juda xavotir oldim. Telefon qilsam, aloqa yo‘q. Ertasi kuni buvim bilan yetib keldik. “Xudoga shukur”, – deb yig‘lab yubordim. Ularning hammalari sog‘-salomat ekan. Faqat dadamning oyoqlari sinibdi. Hozir aravachada yuribdilar. Mayli, bu ham sinov. Vatanimiz omon bo‘lsin. Bizni tashlab qo‘ymadi. Men xalqim bilan faxrlanaman. Shunday emasmi, aka?”

– Albatta, bular ham hayotning bir sinovi. Hammamiz ham sinovlar, qiyinchiliklar bilan pishib boramiz, – deya unga dalda berdim. Ochig‘i, maktab o‘quvchisida bu qadar katta dunyoqarash borligi meni shoshirib qo‘ydi. Emre maktabni tugatib, harbiy sohada o‘qimoqchi ekan. Maqsadi – favqulodda holatlarda insonlarga yordam ko‘rsatish.

 

MALATYA

Biz Turkiyadagi eng asosiy kutubxonalardan biri bilan tanishdik. Maydoni 5 ming 500 kvadrat metr. Kutubxona atrofida yopiq avtoturargoh, ko‘p maqsadli zal, yoshlar markazi, kafe, bepul o‘quv maydonchalari, shahar arxivi, multimedia maydoni, audio va vizual materiallar maydoni, 220 kishiga mo‘ljallangan konferensiya zali, tennis, billiard va shaxmat maydonlari mavjud.

Shuningdek, kutubxona fondida yuzlab bosma nashrlarning asl nusxalari va 10 dan ortiq tillardagi elektron resurslari mavjud. U dam olish kunlarisiz 24 soat yetti yoshdan yetmish yoshgacha barchaga  xizmat ko‘rsatish uchun ochiqdir. Mazkur dargoh o‘tgan yili mamlakat 100 yilligi munosabati bilan ochilgan.  

Turkiyadagi “Xalq kutubxonasi” (Millet Kutuphanesi) 2020-yilda ishga tushgan. Uning maydoni 125 ming kv.metr. Kutubxona bir vaqtning o‘zida 5 ming kishiga xizmat ko‘rsata oladi. Unda 4 million bosma, 120 million elektron nashrlar va 550 mingta elektron kitob bor. Xizmat ko‘rsatish sifati bo‘yicha dunyodagi yetakchi kutubxonalardan biri.

 

Kitobsiz hech bir yutuqqa erishib bo‘lmaydi. Turkiyalik qardoshlarimiz boshiga zilziladek sinov kelganida ham o‘zlarini yo‘qotib qo‘yishmadi. Ularning ertangi kundan umidlari katta. Bunga esa faqat bitta yo‘l bor – KITOB!

 

Islom ASILBEKOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.