Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Bolaligim ertaklari

Aziz o‘quvchilar, yodingizda bo‘lsa, “Gulxan”ning 2017-yil 12-sonida taniqli adib, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Erkin Malikovning tarjimai holi hamda foto-portretini bergan edik. Quyida adibning urush yillarida o‘tgan bolaligi haqida hikoya qiluvchi “Bolaligim ertaklari” qissasining 1-kitobidan parcha e’lon qilmoqdamiz. O‘ylaymizki, uni o‘qigach, bu asarning to‘liq variantini izlab qolasiz.

Kitobning o‘ziga xos jihati shundaki, qissani o‘qigan sari ota-onangizga, atrofingizdagi odamlarga, o‘rtoqlaringizga mehringiz jo‘shib boraveradi. Hatto, dasturxondagi noz-ne’matlarga ham boshqacha qaray boshlaysiz. Savob nima, uvol nima – anglab olasiz. Mustaqilligimiz bergan cheksiz ne’matlarning, tinchlikning qadriga ko‘proq yetadigan bo‘lasiz.


 

 

U qanday bolalik edi

 

Farzandlarim yosh, o‘yinqaroq paytlar edi. U vaqtlarda hozirgidek kitoblar, qo‘sha-qo‘sha telekanallar, kompyuterlar qayda deysiz? Kech kirdi deguncha ertak aytib bering, deb xarxasha qilishardi. Kunlardan bir kun tavakkal qilib, bolaligim haqida ertak boshlab yubordim. Bu ertak uzoq davom etgani, tinglovchilarim kech bo‘lsa ham uxlamay, ishdan kelishimni sabrsizlik bilan kutganlari esimda. Albatta, mening ertaklarimni og‘izdan-og‘izga o‘tib yuradigan mashhur ertaklarga qiyoslab bo‘lmasdi. Ular mening nazarimda har bir inson hayotida kechishi mumkin bo‘lgan oddiy voqealar edi. Tinglovchilarim kundan-kunga bosiq, mulohazali, kattalarga e’tiborli, ayniqsa, non, osh-ovqat, kiyim-kechaklarini qadrlaydigan bo‘lib borardilar...

Hash-pash deguncha dunyo-yu dun bir aylandi-yu, nevaralar dunyoga keldi. Endi nevaralarimning bolaligi na bobosining, na otasining bolaligiga o‘xshaydi. Chor-atrofda bo‘sh vaqtlarini bekor o‘tkazishga qo‘ymaydigan narsalar to‘lib-toshib yotibdi. Kompyuter, internet, qo‘l telefoni, planshet deysizmi... Biroq nevaralarimga ham bolaligimni gapira boshlasam, hamma narsani chetga surib, og‘zimga qaraydigan bo‘lib qolishdi. Ko‘z qarashlaridan sezaman: “Nahotki shunday bo‘lgan?” Yoshim bir joyga borganda shuni bildimki, biz keksalar o‘z bolaligimiz xotiralarini o‘sib kelayotgan avlodga, albatta, so‘zlab berishimiz kerak ekan!

 

Acha xola va radiokarnay

 

Mening uzundan-uzun kunlarim shunday boshlanardi. Hovlimizdagi qari marvartak tutga mixlangan, o‘zidan-o‘zi tinmay javrab yotadigan bir mo‘jiza bor edi. Uni biz “karnay” deb atar edik. U hamma xonadonlarda ham bo‘lavermasdi. To‘g‘rirog‘i, qari-qartanglar xohlashmasdi. “Karnay kirgan joyga farishtalar kirmaydi”, deyishardi. Rostdan ham karnay bir gapga tushib ketsa, ovozini o‘chirolmasdingiz. O‘chiradigan qulog‘i shaharning allaqaysi joyida edi. Bir kuni qo‘shnimiz Acha xolanikiga kirib, karnaydan urushga ketgan askarlarni gapiryapti, desam, “Meniyam askar bolamni gapirib qolarmikan, ja-a hayallab ketdi-ku, bo‘ying cho‘zilgur”, – deb boshlariga yopinchiqlarini tashlab, shosha-pisha menga ergashdilar. Xola karnay haqida mendan eshitgan edilar-u, ammo o‘zini ko‘rmagan edilar. Hovliga kirganimizda karnayda ayol kishi gapirardi. Avvaliga xola hushyor tortib ovoz egasini qidirib qoldilar. U yoq-bu yoqqa alangladilar. Keyin ovoz marvartak tut barglari orasidan eshitilayotganini fahmlab, yopinchiqlari tagidan shu tarafga mo‘ralay boshladilar. “Ajabmi?” – deb tutning atrofini yana bir bor aylanib chiqdilar. Bo‘lmasa karnay qop-qorayib, shundoqqina peshanalarida turibdi. Ovoz qora gardishdan chiqayotganini tasavvur qila olmayaptilar. Men qotib-qotib kulaman. U kishi menga parvo qilmaydilar. Bir payt radio-karnaydan gapirish navbati erkak kishiga kelib qoldi-yu, xola “Voy o‘lay”, deb tut tagidan nari keta boshladilar. Ketma-ket qo‘shiq yangradi. Qo‘rquvdan rangi oqarib ketgan Acha xolam orqalariga qaramay shosha-pisha chiqib ketdilar. Xola mendan anchagacha xafa bo‘lib yurdilar...

 

Guzar

 

Guzar degan joyda sartaroshxona, kiyim-kechak do‘koni, choyxona, pochtaxona bor. Guzarga kelgan puldor amakilar qaymoq bilan issiq non olib, choyxonada o‘tirib nonushta qilishadi. Puli yo‘q bechoralar qirq yamoq choponiga o‘ralib ko‘cha chetidan devor yoqalab uylariga qarab ketishadi. Yonimdagi qaymoqchilar xaridor chaqirishadi. Menikining shundog‘am bozori chaqqon, sotilmay qolishidan qo‘rqmayman. Quyuq, mazali. Sigirning suti yog‘liq bo‘lsin, deb kunjarani ayamayman-da.

Guzarni issiq non-u sut-qatiqlarning bo‘ylari tutgan. Qornim ochib, boshim aylanadi. Ayacham har tongda, bozordan kech qolma, deb choy ham bermay uydan chiqarib yuboradi. Xudoyim mehribon, har kuni bir bandasining qo‘li bilan meni mehmon qiladi. Bir piyola qaymog‘-u ikki dona kunjutli non meni choyxona so‘risida kutib turadi. Guzardan qo‘li ochiq Yaxshi amakini topib olganman. U kishi kuniga o‘zimdan bir piyola qaymoq sotib oladi-da, choyxonadagi so‘rilardan birida bo‘shashimni kuti-i-ib o‘tiradi. Men qaymoqlarni sotib bo‘lgach, shosha-pisha so‘riga chiqaman. Yaxshi amaki kunjutli nonni shoshmasdan sindirib, burdalarni ko‘proq men tomonga uyadi. “Ol, jiyan”, deydi-yu, o‘zi chimdinib o‘tiradi. Non bilan qaymoqni pok-pokiza tushirgach, uyga qaytishni o‘ylab qolaman. Ba’zi paytlarda Yaxshi amaki choy ustida xayol surib qolganlarini ko‘raman. Nimalarni o‘ylashini bilaman. O‘g‘lini o‘ylaydi. Yaxshi amaki urushga ketganda xotini o‘g‘lini olib qayoqqadir ketib qolgan. Yaxshi amaki ularni qidirib topolmay yuribdi. Xuddi menga o‘xshaydi. Men bo‘lsam oyijonimni yo‘qotib qo‘yganimdan beri qidirib yuribman. Acha xolam aytgandek, bariga urush aybdor. Bunday paytlarda Acha xolamning menga qarab: “Oyning o‘n beshi qorong‘i bo‘lsa, o‘n beshi yorug‘, mirzo bolam, Xudo xohlasa yorug‘ kunlar keladi. Bilaman, ayachangizning fe’li chatoq, tili achchiq. Qarg‘aganda gap qaytarib yurmang-a, tag‘in. Unga ham osonmas. O‘gaylik qiladi-da. Sizni g‘ash oladi-da... Ov...urush o‘lsin, hammani sarson-sargardon qilib qo‘ydi”, – deganlarini eslab qolaman. Xayolimda o‘sha yorug‘ kunlar menga ham, Yaxshi amakiga ham yaqin kelib qolgandek tuyuladi. Yop-yorug‘ kunlar ichidan Yaxshi amakining o‘g‘li, mening oyijonim chiqib kelayotgandek bo‘laveradi. Qaniydi tezroq shunday bo‘lsa...

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.