Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Tog‘dagi hodisa

(Davomi. Boshi o‘tgan sonda)

 

Kechasi derazadan yulduzlarga qarab yotarkan, xo‘rligi keldi. Nimaga otasi bilan akasi unga ishonmaydi? Axir Rustam jo‘rasi o‘g‘ri emas-ku? Shu topda uydan chiqib, uzoq-uzoqlarga ketib qolgisi keldi. Qayoqqa borsa ekan? Bobosinikiga borsinmi? Topdi: xayoliga tog‘dagi chayla keldi. U yerga qo‘ylarini ham olib ketadi. “Ertagayoq toqqa jo‘nayman! U yer mazza, hech kim g‘ashingga ham tegmaydi”. Shularni o‘ylab yotib uxlab qoldi. Ertalab nonushta payti fikrini uydagilarga aytdi. Otasi choy ho‘plab, o‘ylanib qoldi:

– Qo‘ylarni boqishing yaxshiku-ya, ammo maktabing nima bo‘ladi?

– Ertaga chorakning oxirgi kuni. Bormasam ham bo‘lar.

– Bo‘pti, o‘qituvchingga o‘zim aytib qo‘yaman, – yupatdi akasi.

Onasi xurjunga non, choy, yeguliklar soldi. Jamshid qo‘ylarni oldiga solib, yo‘lga tushdi. Toqqa yetib kelgach, qo‘ylarni yoyib o‘tlashga qo‘ydi. O‘zi tagiga choponini to‘shadi-da, qiyalikka yonboshladi. Mayin esib turgan shabada atrofdan kiyik o‘ti, shuvoq va turli giyohlarning omixta hidini olib keladi. Bola sekin xayolga berildi. Osmonda siyrak bulut suzib yuribdi. Hozir deltaplan bo‘lganida edi... Tepaga parvoz qilib, qishloqni aylanardi. Pastda bolalarning qiy-chuvi eshitiladi, u bo‘lsa boshida shlem, ko‘zoynak taqqan holda planerni mag‘rur boshqaradi...

Televizorda sportchilarning deltaplanda uchishini ko‘p bor ko‘rgan. Yursa ham, tursa ham xayoli o‘sha narsada bo‘lib qoldi. Bir-ikki marta akasiga aytmoqchi bo‘ldi-yu, mazax qilishidan qo‘rqdi.

Qanday gap aytishini juda yaxshi biladi: “Nima, janoblari yerda yurgilari kelmay qoldimi? Mabodo, izvosh kerak emasmi?” – deyishi aniq. Bola bir xo‘rsinib qo‘ydi. Izvosh emish-a? Planerda uchish aybmi? Bir marta raskladushka – yig‘ma karavot bo‘laklaridan planer yasamoqchi ham bo‘ldi. Xo‘p, uchdi ham deylik, qanday qo‘nadi?

Simyog‘och simlariga urilib ketsa-chi? Ana unda otasidan ko‘radiganini ko‘radi. Onasi-chi? Jamshid pastda onasining kuyib-pishib nimalarnidir gapirib yugurayotganini ko‘z oldiga keltirdi-da, miyig‘ida kulib qo‘ydi. Uzoqda harbiy qism ichida askarlar saf bo‘lib, qo‘shiq aytishmoqda. U yerga bormagani ma’qul. Soqchi askar achchig‘i chiqib urishadi. Shuning uchun qo‘ylarni qismga yaqinlashtirmaydi. Shularni o‘ylab o‘tirgan edi, tepadan bir narsa “lip” etib o‘tganday bo‘ldi. Qirg‘iymikan? Atrofga sinchiklab qaradi. Hech narsa yo‘q. Ko‘zini yumdi. Uydagilar nima qilayapti ekan? Yana onasi ko‘z oldiga keldi. Tandirdan qip-qizarib pishgan nonlarni olib taxlashlarini esladi. Ayniqsa, onasining qaymoq qo‘shib yopgan patirlari juda mazali bo‘lardi-da...

Shu payt tosh shitirladi. Ko‘zini ochsa, ikki metr narida bir odam turibdi. Bo‘yi uncha baland emas, pastgina. Kiyimlari ancha uniqqan.

“Kim bo‘ldi ekan? Bu atrofdan emas”. Uning bo‘yi Jamshid tengi kelardi.

– Keling. Assalomu alaykum, – bolaning ovozi qo‘rqibroq chiqdi.

– Qo‘rqma, og‘ayni. Men adashib qoldim. Qishloqqa borishim kerak. Noning bormi?

– Ha, chaylada. Yuring.

Haligi kishi bir burda nonni huzur qilib yedi.

– Rahmat. Mana bu senga.

U kichkina shishada “Pepsi-kola” uzatdi. “Zo‘r-ku!” Jamshid shishani olib tomosha qildi. Hali ularning qishlog‘iga bunday ichimliklar yetib kelmagan. Gazi vijirlab turibdi. Shishaning og‘zidan qultillatib ichdi. O‘tirgach, qopqog‘ini yopib qo‘ydi. Qolganini keyin ichadi. Shishani o‘choqning yoniga qo‘ymoqchi edi, orqaga og‘ib ketdi.

“Iye, menga nima bo‘ldi?” Keyin nimagadir chaylaning eshigi tepaga ko‘tarila boshladi. Hayron bo‘lib haligi odamga qaragan edi, u ham osmonga ucha boshladi. Birozdan keyin “shilq” etib gilamga quladi.

– Yaxshi, – dedi haligi odam bolani o‘ringa yotqizib. U tezda Jamshidning kiyimlarini kiyib oldi. Keyin chayla eshigini yopib, qo‘ylarni harbiy qism tomonga haydadi. Yonidagi grimm anjomlarini olib o‘zidan o‘smir bola yasadi! U qo‘ylarni harbiy qism sim to‘siqlari tomonga haydab yubordi-da, bir chuqurga tushib, o‘zini uxlab qolganga solib yotdi. Qo‘ylar o‘tlab, asta sim to‘siqqa yaqinlashgach, soqchi askar kelib baqira boshladi:

– Ol qo‘ylaringni, hoy bola! Hayda bu yerdan!

“Cho‘pon bola” uyqusiragan ko‘zlarini uqalab, qo‘ylarni qaytara boshladi. Askar xotirjam iziga burildi. Shu payt josus baland o‘sgan kavraklarning biriga ustalik bilan mitti kamerani o‘rnatdi. Keyin qo‘ylarni toqqa qaytarib, asta yoydi. O‘zi chaylaga kirib, kichkina kitobdek narsani yoqdi. Ekranda harbiy qism ko‘rina boshladi. Kavrak ustidagi kamerani masofadan turib boshqarish mumkin edi. Uni yon tomonga burib, tasvirga ola boshladi. Ishlarini bitkazgach, uxlab yotgan bolaga qaradi. Dori ertalabgacha uxlatadi. Endi dam olsa ham bo‘ladi. Shu yerga kelguncha ikki sutka uxlamadi. Bolani uchratib qolgani zo‘r omad bo‘ldi-da. Ertaga yana bir tasvirga olsa, ortiga qaytsa ham bo‘ladi. Qo‘ylarni chayla yonidagi tosh devordan iborat qo‘raga kiritdi-da, uxlagani yotdi.

Ertalab qo‘ylarni yaylovga chiqarib yuborgach, nonushta qildi. Bola uyg‘onib qolishi kerak. Yana ozgina uxlasa edi... Bu orada Jamshid qimirlay boshladi.

– Ha, uyg‘ondingmi?

Bola karaxt holda boshini qimirlatdi.

– Ma, manavi suvni ich.

Josus uning og‘ziga shishani tiqdi. Bola qultillatib yutdi.

– Endi yot, birpas dam ol.

Jamshid yana uyquga ketdi. Josus vaqtni o‘tkazmay eshakka mindi-da, qo‘ylarning ortidan harbiy qism tomon yo‘l oldi. Yaqinlashgach, yuvilib ketgan irmoq ichiga kirib xurjundan kichkina apparatini oldi. Kavrakka o‘rnatilgan kichkina kamera unga tasvirlarni uzatib turardi. Yarim soatcha tasvirga olgach, qo‘ylarga yugurdi. Uzoqdan soqchi baqirib kela boshladi.

“Cho‘pon bola” xo‘p-xo‘p deb, qo‘ylarni qaytara boshladi va kavrak ustidagi mitti kamerani sezdirmay yulib oldi:

– Bilmay qoldim. Olib ketayapman. Mana hozir...

Soqchi unga o‘dag‘aylab, qichqira ketdi:

– Ket dedim senga! Qo‘ylaringga boshqa joy qurib qolganmi?!

Chaylaga qaytgan josus tog‘ yon bag‘ridan turib, harbiy qismga ko‘z tashladi. Keyin qishloq tarafga qaradi. Hech qanday harakat sezilmadi. U juda ehtiyotkor edi. Har bir ishni qayta-qayta tekshirib, tahlil qilar, iz qoldirmaslikka urinardi. Uning xato qilishga haqqi yo‘q. Boss – janob Stivenson kechirmaydi. U tezda narsalarini yig‘ishtirdi. Bolani ham biryoqli qilish kerak. Sumkasini tekshirib, baliq konservasi topdi. Ochib, ozgina tamaddi qildi. Keyin unga zahar qo‘shdi. U doim yoqasida og‘u olib yurardi. Boshqarma boshlig‘i uni bu vazifaga jo‘nata turib, ko‘zlariga tikilib tayinladi: “Yodingizda bo‘lsin, vazifaning muvaffaqiyatli chiqishi sizga bog‘liq. Yaxshi bajarsangiz unvoningiz oshadi, lekin qo‘lga tushish mumkin emas. Siz va oilangizga katta mablag‘ va’da qilingan. Takror aytaman, qo‘lga tushish mumkin emas”.

Boshliqning qisiq ko‘zlariga tikilib turgan agent dahshatli hukmni o‘qidi: “Yo topshiriqni bajarish kerak, yo o‘lim!”

(Davomi bor)

 

Boborahmat MUHAMMADIYEV,

Samarqand viloyati Nurobod tumanidagi 56-maktab o‘qituvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.