Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Yaxshi inson bo‘lish istagi

Fotima-Zuhra Inog‘omovalar Shayxontohur tumanidagi 40-maktabning 4-sinfida o‘qishadi. Maktabning jamoat ishlarida faol, izlanuvchan, a’lochi o‘quvchilar. Bu opa-singillar ikki yildan buyon tahririyatimiz qoshidagi “Yosh qalamkashlar” to‘garagida faol qatnashib, o‘z bilimlarini oshirishmoqda. Ushbu sahifamizda ular ijodidan ayrimlarini sizga taqdim etamiz.

 

Va’da

O‘lkamizga yana bahor keldi. Yaqinda hovlimizdagi gullar ochiladi. Har kuni erta tongda singlim Zuhra bilan badantarbiya qilamiz. Hovlimiz atrofida uch marta aylanib yuguramiz. Yana chiroyli bo‘lib ochilgan gullarimiz bilan suhbatlashamiz. Ularni parvarishlab, suv quyib, atrofini begona o‘tlardan tozalaymiz. Oyim bizga gullarning qanday nomlanishi, ularning turlari, qanday sharoitda o‘sishi kerakligini tushuntirib beradilar.

Uyimizda kitoblar juda ko‘p. Dadam yoshimizga mos bo‘lganlarini o‘qishni tavsiya qiladilar va bizga “Kitobga, gullarga, tabiatga mehr qo‘ygan insondan hech qachon yomonlik chiqmaydi”, deb uqtiradilar. Shuning uchun ham biz kitob mutolaa qilishni, gullarni parvarishlashni yaxshi ko‘ramiz.

Bugun hayotimdagi juda quvonchli kunlarimdan biri bo‘ldi. Jismoniy tarbiya darsidan qiziqarli musobaqa e’lon qilindi. Guruhimiz bilan ushbu tanlovda 1-o‘rinni egalladik. Yaqinda esa chet tilidan maktablararo o‘tkazilgan tuman musobaqasida g‘olib bo‘lgandik.

Bu xabarni eshitgan dadam xursand bo‘lib:

– Qizlarim, agarda har bir o‘quvchi o‘z maktabining obro‘sini ko‘tarish uchun bor kuch-g‘ayratini ayamasa, yurtimiz bundan-da ulkan marralarni zabt etadi, – dedilar. Shundan so‘ng, singlim Zuhra bilan: “Yanada yaxshi o‘qib, maktabimizning faxri bo‘lishga harakat qilamiz”, deya bir-birimizga so‘z berdik.

Fotima Inog‘omova

 

 

Kitob

Mening do‘stimsan, kitob,

Javonimda turasan.

Nur sochib go‘yo oftob,

Ongimni yoritasan.

 

Sendagi har bir satr

Ertaklarga o‘xshaydi,

Qo‘ldan tutib doimo

Ezgulikka boshlaydi.

 

Orzularim bisyordir,

Bunda ko‘maging bordir.

Ziyo berib qalbimga,

Nur to‘shaysan yo‘limga.

 

Zuhra Inog‘omova

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.