Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Krossvord 110 yoshda

O‘quvchilarimiz jurna­limizda berib borila­­yotgan topqirlik mashqlarini ma­­roq bilan hal etib, bilimlarini oshirishga odat­lanishgan. Ular uchun bunday mashq­lardan krossvordning kim va qachon ixtiro qilganligini  bilish ham juda qiziq. Bu an’anaga  110 yil to‘l­di. Hozirda krossvordning vatani sifatida AQSH, Buyuk Britaniya, Italiya va Janubiy Afrika Respublikasi mamlakatlari da’vo qiladilar. Ma’lum bo‘lishicha, ilk  krossvord “New York World” gazetasining 1913-yil 21-dekabr yakshanba kungi  sonida e’lon qilingan. Shu davrga qadar hech kimning xabari bo‘lmagan jurnalist Artur Vinning “So‘z-Kesishgan” (“Word-Cross”) boshqotirmasini bosib chiqaradi. Unda romb shaklidagi bo‘sh kataklarga topish lozim bo‘lgan 31 ta so‘zni yozish topshirilgan. Vinning boshqotirmasi hozirgi krossvordlardan kataklarining romb shaklidaligi va bo‘sh, ya’ni bo‘yalgan kataklarning bo‘lmaganligi bilan farqlanadi. So‘zlar ta’rifi ham juda qisqaligi bilan ajralib turadi. Tez orada turli  gazetalar ham o‘z krossvordlarini taqdim eta boshladilar. AQSHda krossvord keng ommalashib, 1924-yilda birinchi krossvordlar kitobi nashr etildi. Muxlislar shu zahoti hal etishni boshlashlariga qulay  bo‘lishi  uchun nashr alohida qalam bilan birga taqdim etildi!   

Janubiy Afrika Respublikasida ehtiyotsizlik sababli qamoq jazosiga hukm qilingan ingliz avtomobil haydovchisi Viktor Orvill ixtiro qilgan. U dastlab qamoqxona kamerasi polidagi katak koshinlarga so‘zlarni kesishgan holda yozib krossvord hosil qilgan va qiziqib qolib bu ishini Keyptaun shahar gaze­tasiga: “Men bir o‘yin o‘ylab topdim va uni “Kross-Word” (“Ke­sishgan-So‘z”) – deb atadim. Shuni gazetxonlarga havola etsangiz”, – degan maktub bilan yo‘llaydi. Maktubni olgan muharrir buni bir ermaktalab yuborgan bo‘lsa kerak, deb cho‘ntagiga solib qo‘yadi.  Shu kuni kechki payt do‘stlari bilan gashtakda o‘tirishganida yodiga tushib davradagilarga ko‘rsatadi. Ular  ko‘plashib krossvord savollarini topishga kirishib ketadilar. Javob topilganida qiyqirib qarsak chalib suyunib ketadilar. Davradagilar muharrirga uni gazetasida bosib chiqarishni tavsiya etadilar. Krossvord e’lon qilinishi bilan gazeta muxlislari oshadi. So‘ng muharrir qamoqxonaga borib, Viktor Orvill bilan krossvord tuzib berishi uchun shartnoma tuzadi. Natijada gazeta adadi bir necha barobar oshib ketadi. Ma’lumotlarga qaraganda, Viktor Orvill uch yildan so‘ng ozodlikka chiqqanida, bankda uning hisobiga kattagina mablag‘ o‘tkazilgan ekan. Yana bir ma’lumotga ko‘ra,   Keyptaun shahri qabristonlarining birida  Viktor Orvill qabriga toshga o‘yib tushirilgan krossvord shakli aks etgan yodgorlik lavhasi ham o‘rnatilgan.

Keyinchalik mualliflar tomonidan krossvordning o‘nlab turlari o‘ylab topildi va topilmoqda. Bular diagonal, yoysimon, aylanma,   jadvalli krossvord kabilar bo‘lib,  har biri so‘zlarning shaklda joylashishi bilan farq qiladi. Yana bir turi – chaynvord – tilimizda “zanjir so‘z” ma’nosini anglatib, birinchi so‘zning so‘nggi harfi ikkinchi so‘zning bosh harfi bo‘lib, shu tarzda so‘zlar “zanjiri”ni hosil qiladi. Aralash holdagi mashqlardan chaynkrossvord – so‘zlar “zanjir” holda davom etib, ba’zilari kesishgan tarzda joylashadi. Krosschaynvordda barcha so‘zlar kesishadi va “zanjir” hosil qiladi. Jadvalli krossvord – so‘zlar ta’riflari jadval holda aks ettiriladi.

Keyvord esa jumboq so‘zlar shakl kataklarida raqamlar bilan ifodalanib, kalit so‘z yordamida yechiladi.

Davlatlarning nomidan kelib chiqqan krossvordlardan 1930-yilda skanvord – Skandinaviya krossvordi o‘ylab topildi va ommalashdi. Bunda so‘z ta’riflari juda ixcham holda shakl kataklarining ichida joylashadi va javob yo‘nalish ko‘rsatkichi bo‘yicha yoziladi. U ko‘proq so‘zlar bilan kesishganligi bilan farq qiladi. Bora-bora vengercha, yaponcha, italyancha, estoncha kabi krossvordlar yuzaga keldi. 

Bu borada qiziqishning orta borishi bilan ulkan hajmdagi krossvordlarni tuzish ham amalga oshdi. Bulardan eng so‘nggisi bulg‘or millatiga mansub Xristo Yonisov “Ginnesning rekordlar kitobi”dan joy olgan dunyoda hali e’lon qilinmagan eng ulkan 8x8 millimetrdagi kataklarga joylashgan betakror 93 ming 769 so‘zdan iborat krossvordi bo‘lib, 1001 sahifa, uzunligi 300 metrni tashkil etadi. Yonisov bu faoliyatini 1997-yilda boshlab, 2011-yilda yakunlagan.  Shundan so‘ng “Ginnesning rekordlar kitobi” vakillari bilan ekspertiza o‘tkazilib, yozishmalar rekordi tan olinguniga qadar besh yil davom etgan.

Muxlislariga yordam uchun ellik ming so‘zli “Kros­­svord ishqibozining en­­sik­­lopedik lug‘ati” nashr etildi. Ma’lu­motlarga ko‘ra, 2013-yilga ke­lib dunyoda faqat turli xildagi kros­svordlar bosi­la­digan gazetalar soni 400 nomdan oshdi.  

Mumtoz shoir No­sir Xisravning:

“Aqlga ilm birla ber­gil ko‘mak,

Aql – ilmga xari­dor demak” hikmati ju­da o‘rinli. Egallangan ilm­ni mustahkamlashda turli mav­zudagi topqirlik mashqlarni munta­zam hal etish, kitoblarga oshno bo‘lishni odat qilish o‘z samarasini beradi. Donishmand shoirimiz Alisher Navoiy yozganlaridek: “Tabiatga har neki odat bo‘lur,  Chu eskardi odat tabiat bo‘lur”.

Shuningdek, krossvord bilan shug‘ullanish tabobat xodimlarining kuzatishlaricha kishi xotirasini ma’lum darajada mustahkamlaydi. Javoblardan so‘zni ta’riflashni, imlo jihatdan bexato yozishni o‘rganadi, bilmagan ma’lu­motlaridan xabardor bo‘ladi. Hal etgan insonning kayfiyati ko‘tarilib, dam olish soatlarini foydali va mazmunli o‘tkazadi. 

Vatanimizda krossvordning ommala­shi­shida “Gulxan” jurnalining o‘rni bor. Men  krossvordlar tuzishni jizzaxlik Saidolim Pirmuhamedov mashqlaridan o‘rganganman. Keyinchalik Anvar Mirzazoda, Tursunali G‘aniyev, Sevara Rasulova kabilar ijodlarini krossvord tuzishga bag‘ishladilar.

Aziz muxlislar! Turli topqirlik mashqlari bilan muntazam shu­g‘ullanishga odatlaning va hayotdagi muammolarni ham bilimdonlik bilan hal eting, bu borada sizga omad yor bo‘lsin.

 

Foziljon ORIPOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.