Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Bor ekan-da, yoʻq ekan, och ekanda, toʻq ekan, ulkan oʻrmonda Olaqargʻayevlar oilasi yashar ekan. Ular oʻn yil kutibdi, yigirma yil kutibdi, nihoyat, farzandli boʻlishibdi. Yolgʻiz farzandining ismini Qoratosh atabdilar. Bu ismni unga boshi toshdek qattiq, joni mustahkam boʻlsin, uzoq umr koʻrsin degan niyatda qoʻyibdilar.

Olaqargʻa xola oʻz bolasi Qoratoshni “Mening qora atlasim”, “Mening qora oltinim”, “Mening qora baxmalim”,”Mening qoratoshim” deya shunday erkalataverganidan Qoratosh taltayib ota-onasining boshiga chiqib oʻtirib olibdi. “Boshiga chiqib oldi” degan gap qargʻalar oilasidan boshlangan ekan. Hatto, bir kuni Qoratosh oʻrmondan topib kelgan yongʻogʻini ota-onasining boshida chaqibdi. “Boshida yongʻoq chaqdi” degan gap ham mana shu oiladan chiqib, butun dunyoga tarqagan ekan. Xullas, bu qora qargʻachaning chiroyli ismi uning jismiga hech ham toʻgʻri kelmas ekan. U ota-onasining aytganlarini qilmay qoʻyibdi. Eshiklarni oyogʻi bilan tepib ochar, derazalarni sindirar, oyoq kiyimlarini yechmasdan uyga kirib kelar, chiroyli taʼmirlangan uyning devorlariga allambalo rasmlarni chizib tashlar ekan. Ota-onasi nima qilishni bilmay boshi qotib turganda, Qoratosh bir kuni oʻz-oʻzidan: “Men endi sizlarga bola boʻlmayman, mendek chiroyli, aqlli qushchani kimlar bola qilmaydi? Oʻzimga shunday yaxshi ota-ona topib olayki, sizlar meni qaytarolmay yigʻlab yuringlar”, – debdi. Qoratosh koʻzguga qarab, patlarini tarab, atirlardan sepib chiqib ketibdi. Ota-onasi hay-haylagancha qolaveribdi.

Qoratosh dala boʻylab ketayotgan ekan, koʻzi kuzgi sabzilarni yigʻishtirib olayotgan Quyonboyevlar oilasiga tushibdi. Quyon togʻa bilan Quyon xola hosilni hisoblab oʻlchayotgan, bolalari esa sabzilarni yerdan kavlab olib, qoplarga solib, poliz chetiga tashish bilan band ekanlar. Qoratosh Quyon togʻa va Quyon xolaning oldiga borib, salom ham bermasdan: “Sizlarga chiroyli, qanotlari atlasdek, shoxdan-shoxga ucha oladigan bola kerak emasmi?” – deb soʻrabdi. Quyonboyevlar ish bilan juda band boʻlganlari sababli gapni qisqa qilib: “Yoʻq, oʻzining chiroyli, aqlli, mehribon bolalarimiz bor”, – deb javob berishibdi.

Qargʻachaning hafsalasi pir boʻlibdi. Yoʻl yuribdi, yoʻl yursa ham moʻl yuribdi. Yoʻlda ketayotib Olmaxonovlar oilasiga duch kelibdi. Olmaxonlarning daraxtlarda yashashini koʻrib, xursand boʻlib ketibdi. Ularga uchishni biladigan bola kerakdir, deb oʻylabdi-da, oʻzicha. U olmaxonlar oilasiga qarab hayron qolibdi. Bolalari yumshoq dumlari bilan hamma yoqni supurib, changlarni artib, idishlarni yuvib yurgan emish. Onalariga: “Yana nima yordam kerak, onajon?” – deb soʻrar emishlar. Qargʻachaning hafsalasi battar pir boʻlibdi, chunki olmaxonlarga bola boʻlish: hamma yoqni supurib-sidirish, idishlarni yuvish unga toʻgʻri kelmas ekan-da.

Qargʻacha uchib-qoʻnib holdan toyibdi. Daryo boʻyida dam olib oʻtirib, Oʻrdakboyevlar oilasiga koʻzi tushibdi. Ularning oilasidagi oʻrdakchalarning barchasi onasining aytganini soʻzsiz bajarishar, onajonisining qanotlarini, oyoqlarini silab qoʻyishar ekan. Shunday boʻlsa-da, Qoratosh Oʻrdak xoladan: “Sizlarga chiroyli, aqlli, uchishni biladigan bola kerak emasmi?” – deb soʻrabdi. Oʻrdak xola hayron boʻlib: “Koʻrib turibsan-ku, oʻzimizning bolalarimiz bir-biridan chiroyli, bir-biridan aqlli, mehnatkash. Nima qilamiz begona bolani? – debdi.

Qargʻacha jahl bilan uchib ketayotib, daraxtlardagi zararli hasharotlarni terib yeyishni bolalariga oʻrgatayotgan Qizilishtonovlar oilasiga duch kelibdi. Yosh qizilishtonlar chaqqonlik bilan daraxtlardagi zararkunandalarni terib yer, azobdan xalos boʻlgan daraxtlar ularga qarsak chalib, rahmat aytishar ekan. Katta qizilishtonlar kichik qizilishtonlarga ogʻizlaridagi hasharotlarni berishar va buni ular “kichikka izzat” deb atashar ekan. Yoʻq, oʻz ogʻzidagi luqmani birovga berish Qoratoshga toʻgʻri kelmaydi. U qizilishtonlardan: “Sizga chiroyli bola kerak emasmi?” – deb soʻrab ham oʻtirmabdi. Baland daraxtda Zagʻizgʻonovlar oilasini koʻrib qolibdi. Ular oldilaridagi yashil yaproqlardan yasalgan laganlardan turli-tuman yeguliklarni yeb, qoʻshiqlar aytib oʻtirishgan ekan. Qoratoshning qorni ochib ketgan boʻlsa-da, “ovqatlaringdan menga ham beringlar”, deb aytolmabdi, chunki onajonisi unga: “Hech qachon birovdan yemak soʻrama! Birovdan yemak soʻrash tilanchilikka kiradi”, – degan ekan. Qargʻacha Zagʻizgʻon xolaning toʻgʻrisidagi shoxchaga qoʻnibdi-da:

– Sizlarga chiroyli, aqlli bola kerak emasmi? – deb soʻrabdi.

– Qani chiroyli, aqlli oʻsha bola? – debdi Zagʻizgʻon xola.

– Oʻsha bola menman-da, – debdi Qoratosh.

– Voy sen hali oʻzingni aqlli deb yuribsanmi? – kesatibdi Zagʻizgʻon xola. – Toʻgʻri, chiroylisan, ammo aqlli emassan. Chunki aqlli bola koʻchama-koʻcha, daraxtma-daraxt oʻziga ota-ona izlab yurmaydi.

Qoratosh Zagʻizgʻon xolaning bu gaplaridan oʻziga xulosa chiqarmabdi.

Yam-yashil oʻrmonning soʻlim joyidan uchib oʻtayotganda gʻoyat yoqimli qoʻshiqlar qulogʻiga chalinibdi. Bu Bulbullar ekan. Qoratosh ularning ovoziga mahliyo boʻlib qolibdi. Bulbullar oilasi yoniga borib:

– Sizlarga chiroyli, aqlli, sayrashni biladigan bola kerak emasmi? – deb soʻrabdi.

Bulbul xola kuylashdan toʻxtab soʻrabdi:

– Sayrashni bilaman, dedingmi?

– Ha, sayrashni bilaman, – debdi Qoratosh.

– Qani bir sayrab ber-chi? – debdi Bulbul xola.

Qoratosh qargʻalarga xos boʻgʻiq ovozda: “Qagʻ-qagʻ, qagʻ-qagʻ-qagʻ-qagʻ”, – deb sayray boshlagan ekan, boshqa qushlar sayrashdan toʻxtab qolishibdi. Tungi navbatchilikdan qaytib, kunduzi uxlagan Boyoʻgʻli amaki uyi derazasini ochib baqiribdi: “Oʻchir ovozingni, hoy, qargʻacha, bu yerda hammaning tinchini buzayapsan, bolalarni qoʻrqitayapsan”. Qoratoshning nafasi ichiga tushib ketibdi. Shunda Bulbul xola unga: “Boʻldi, boʻldi, boshqa sayramay qoʻyaqol. Bu yerda sening qoʻshigʻingni hech kim eshitmaydi, senday bola bizga kerak emas!” – debdi.

Oʻsha kezlarda ayyor, och tulki oʻziga yegulik axtarib oʻrmonni kezib yurgan ekan. Uni koʻrgan Qoratosh:

– Sizga chiroyli, aqlli bola kerak emasmi? – deb soʻrabdi.

Tulkining sevinchdan koʻzlari yarqirab ketibdi.

– Kerak, juda kerak senday bola, qani yur menikiga, – deb Qoratoshni uyiga boshlab ketibdi.

Uyiga borishi bilan eshik, derazalarini berkitibdi. Tulki tushlikka qargʻachadan shoʻrva qilib ichishni moʻljallabdi.

– Men sizni Tulki oyi deb atasam maylimi? – deb soʻrabdi Qoratosh.

– Mayli, xohlaganingcha atayver, shirinim, – debdi Tulki unga.

Tulki boshqa masalliqlarni tayyorlab, Qoratoshning patlarini yulish uchun yoniga chaqiribdi. Qoratosh Tulkining yonidagi qaynab turgan qozonni koʻrib:

– Tulki oyi, bu suvni nega qaynatayapsiz? – deb soʻrabdi.

– Seni choʻmiltirish uchun, qara, qanday isqirting chiqib ketibdi, – debdi Tulki.

– Men bunday qaynoq suvda choʻmilmayman, kuyib oʻlib qolaman-ku, – debdi Qoratosh.

– Bu yerda suvlar qaynab turgan boʻlsa-da, badanni kuydirmaydi, qani shirinim, kel yonimga, – debdi.

Qoratosh qoʻrqib ketganidan pir etib uchib Tulkining shikafiga qoʻnibdi. Bundan Tulkining jahli chiqibdi.

– Tush shkafdan, yoʻqsa, hozir seni tayoq bilan urib tushiraman, – deya tayogʻini qidira boshlabdi.

Qoratoshning yuragi mudhish bir narsani sezibdi va: “Yordam beringlar, yordam beringlar!” – deb baqiribdi. Shu paytda Qoratoshning ota-onasi uning yoʻqolib qolganini aytib, oʻrmondagilardan soʻrab-surishtirib yurgan ekan. Bulbul Qoratoshni ayyor Tulki: “Bolam boʻlasan”, – deya uyiga olib ketganini aytibdi. Qoʻrqib ketgan Olaqargʻayevlar oilasi barcha qarindoshlarini yordamga chaqiribdi. Bir lahzada Tulkining uyi atrofida yuzlab qargʻalar paydo boʻlibdi. Ular Tulkining derazasini sindirib kirganlarida Tulki Qoratoshni tutib olib, qanotlarini yula boshlagan ekan. Olaqargʻalar bir guruh boʻlib Tulkini urib yiqitishibdi. Biri boshidan, biri yuzidan, biri qornidan choʻqib tashlabdi. Ona qargʻa qanotlari yulingan Qoratoshni qozon yonidan topib olibdi. Qoratosh behush yotgan ekan. Qoratoshni qilmishi uchun uzoq vaqt davolabdilar. Koʻzlarini ochgan Qoratosh ota-onasidan kechirim soʻrabdi.

 

Zulfiya Moʻminova

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.