Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

“Aybsizlar”

Sinfda tez-tez bolalarning narsasi yo‘qoladigan bo‘ldi. Sinf rahbari Lola opa har bir o‘quvchisi ota-onalar bilan qayta-qayta suhbatlar, tarbiyaviy soatlar o‘tkazdi, biroq ahvol o‘sha-o‘sha. Bir kuni Lola opa o‘quvchilariga shunday dedi:

– Men bir qarorga keldim. Kelasi hafta maktabga militsioner chaqirtiraman. U iskovuch iti va aybdorni ko‘rsatadigan asbobi bilan kelmoqchi.

– Militsioner o‘g‘rini qanday jazolaydi ustoz? – kaftining orqasi bilan kemshik tishlarini yashirib so‘radi Avaz.

– Bilmadim, qanday jazolash uning ishi. Balki yerto‘laga qamab qo‘yar. Ehtimol, birinchi galda itiga talatishi ham mumkin. – Bolalar xomush tortib qolishdi. Baribir ertasiga rasm darsida Guli bo‘yoqlarini qidirib qoldi.

– Agar darslar tugaguncha Gulining bo‘yoqlari joyida bo‘lmas ekan, o‘g‘ri o‘zidan ko‘rsin, – dedi Lola opa jismoniy tarbiya darsini boshlar ekan, xotirjam.

Bu dars – bolakaylarning jonu dili. Mazza qilib sport zalida shug‘ullanishadi. Biroq bugun Lola opa ularga sport libosi ham kiydirmadi. Zalga ham olib chiqmadi. Xonada nazariy dars o‘tdi.

O‘qituvchi mavzuni tugatib, endi joyiga o‘tirgan ham ediki, eshik qiya ochilib harbiy kiyimdagi kishi ko‘rindi. Hamma, hatto Lola opaning o‘zi ham kutilmagan mehmondan xavotirga tushib qoldi. U, hozir, bir daqiqa, deya narsalarini yig‘ishtira boshladi. Shu payt sinfda birdan shivir-shivir boshlandi. Va har bir parta ustida qalam, ruchka, o‘chirg‘ich, chizg‘ich, bo‘yoq, qalamdon va yana bir narsalar yoyildi. Lola opa qotib qoldi. Gapni Vohid boshladi:

– Ustoz, kechiring, men bilmasdan o‘zimnikiga qo‘shib Alisherning chizg‘ichini jildimga solib qo‘yibman.

– Negadir Go‘zalning to‘g‘nog‘ichi menda ketib qopti, – dedi Umida.

– Men Sheralining diskidagi filmni uyda ko‘rib kelmoqchiydim, – tan oldi Hikmat.

Sinfda hamma “aybsiz” edi. Guli yana bir antiqa gap aytdi:

– Singlim bo‘yoqlarni bog‘chasidan faqat bir kunga olgan ekan.

Sinfda “gurr” kulgi ko‘tarildi.

Lola opa, ukasi betob bo‘lib qolganini aytish uchun kelib, o‘zi bilmagan holda sinfdagi sirni ochishga yordamlashgani uchun Bilol Mansurovning temiryo‘lchi akasiga rahmat aytib xayrlashdi.

 

Muhayyo TO‘LAGANOVA,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.