Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Dakanlar jangi

Anvar dakang xoʻrozini uyidagi barcha jonivorlarga qaraganda yaxshi koʻradi. Uyida esa ola-bula baroq mushukdan tortib, laycha it-u qoʻy-qoʻzi, ot va sigir-buzoq bor.

Xoʻroz uning uchun hammasidan yaxshi. Uning toji odatdagi uy xoʻrozlariga oʻxshab jonivor tiliday osilib tushmagan, nimpushti rangda edi. Boʻyni tovusnikiday uzun, yaltiroq qoramtir patlari tikka-tikka boʻlib oʻsgandi. Yurganda gʻozga oʻxshab boʻynini choʻzib ogʻir-ogʻir qadam tashlar, moshday koʻzlari tez-tez yumilib ochilardi. Mabodo hovliga daydib kirgan qoʻni-qoʻshnilarning katta koʻppaklari yaloqdagi ovqatni talashib, toʻsatdan dakang xoʻrozga tashlanadigan boʻlsa, u qanotlarini yozib bir ikki qadam tislanardi-da, soʻng hujumga oʻtardi. Bunday chogʻda anov-manov itlar ham dum qisishdan boʻlak iloj topolmasdi. Tovuqlar undan uzoq ketmay bexavotir don choʻqilab yurishlarining sababi ham shunda edi.

Anvar xoʻrozni joʻjaligidan oʻzi boqib katta qilgandi.

– Buni senga topshirdim, oʻgʻlim, – degandi dadasi joʻjaxoʻrozni bozordan olib kelganda. – Hali bizga katta foydasi tegadi, har qanday dakangni ham bir choʻqishda qochiradigan urushqoq xoʻroz boʻladi.

Anvar har doim xoʻrozning don-dunidan oʻzi xabar olib turganiga qaramay, dadasi ham undan koʻz-quloq boʻlishni unutmasdi, baʼzan, goʻsht yesa xoʻrozning oyogʻi baquvvat boʻladi, deb unga tilimlangan goʻsht ham berardi.

Yetti oy deganda xoʻrozninng boʻyi choʻzilib, kuchga toʻlib, haqiqiy dakangga aylandi. Bungacha u bir qancha kichik-kichik olishuvlarni boshidan oʻtkazib, “tajribasi” ham ancha ortib qolgan edi.

Dadasi xoʻroz urishtirishga qanchalik ishqiboz boʻlsa, Anvar buning aksi. Shuning uchun yetti oy ichida biror marta ham xoʻrozni oʻzi xohlab jangga solmadi.

Oʻrtoqlari: qani dadang maqtagan dakaningning oyogʻini koʻraylik-chi, – deya qiziqsinib oʻzlari bilan birga uydan koʻtarib kelgan xoʻrozlarini jangga solib koʻrishgan.

Anvar bir necha bor:

– Qoʻyinglar, buni nima keragi bor?! – deb qarshilik koʻrsatmoqchi ham boʻlgan edi, ammo oʻrtoqlari ichida uning dakangini qoʻrqoqlikda ayblab, kulmoqchi boʻlganlari ham topilib qoldi.

Dakangi ham boʻsh keladiganlardan emasdi.

Odatdagi uy xoʻrozlari kalta boʻynining patlarini hurpaytirib har qancha chiranmasin, ularni ikki-uch tepishdayoq sulaytirib qoʻyar, bechoralar qoʻrqqanidan qochishga joy topolmay qolishardi.

Kichik janglarda ana shunday chiniqqan xoʻrozni katta jangga soladigan vaqt ham yetib keldi.

Gapiga qaraganda, dadasi uni ertaga urishtirgani olib bormoqchi. Hatto uni qoʻliga olib boʻynidan silab:

– Ishqilib, ertaga meni uyaltirib qoʻyma. Oʻsha chirangʻich Roʻziqulning dakangini yengsang, men senga besh ketardim, – dedi gʻudranib.

Buni eshitib Anvarning yuragi orqaga tortib ketdi. Koʻz oldida yulingan, tojidan qon oqib, holdan toygan xoʻrozi oʻtdi.

– Dada, joo-n dadajon, xoʻrozimni urishtirmaylik! – deb yolvorishga tushdi.

– I-ye, men uni shuncha pulga bekorga sotib olgan ekanman-da. Axir u pullarni menga kim chiqarib beradi, – dadasi Qosim aka shop moʻylovini silab, beoʻxshov iljaydi.

– Xoʻrozimiz oʻlib qolsa nima qilamiz?

– Qoʻrqma, oʻlmaydi, – dedi dadasi ishonch bilan, – shuncha yil xoʻroz ishqibozi boʻlib yurgan odam bilmasa gapirmasa kerak.

Ertasi kuni Qosim aka uyga juda xursand boʻlib qaytdi.

– Xoʻrozimizga gap yoʻq, – dedi gʻurur bilan. – Roʻziqul chiranchiq mening oldimda dakangi bilan ortiq maqtanolmaydigan boʻldi.

Anvar bu gaplarni beparvo eshitdi. Xoʻrozini obroʻsi kundan-kun oshib borardi. Bu tevarak atrofda unga bas keladigan dakang hali-beri topiladiganga oʻxshamasdi.

Qiziq, keyingi vaqtlarda dakangi soppa-sogʻ, oldingiday ixcham, baquvvat koʻrinsa-da, dadasi uni jangga solmay qoʻydi. Nahotki xoʻroz urishtirish joniga tekkan boʻlsa? Anvar shu xayolga borgan sayin mamnunligini yashirolmay, kishi bilmas iljayib qoʻyardi. Bir kuni buning sababini dadasidan soʻragan edi, u bamaylixotirlik bilan:

– Xoʻroz dam olsin, – dedi. – Axir, bu dakanging ozmuncha olishuvlarni boshidan oʻtkazmadimi. Keyin bir oyogʻidagi pixi sinib qolibdi, tuzalishini kutyapman.

Oradan koʻp vaqt oʻtgani yoʻq. Bir kuni Roʻziqul chiranchiq ularnikiga kelib, bozordan boshqa dakang sotib olganini aytib, Anvarning dadasiga maqtandi.

– Oʻziyam dakangmisan dakang-da, – dedi u gerdayib. – Sizning joʻjachangiz uning oldida ip yecholmaydi.

Uning bu gapi Qosim akaga alam qildi.

– Koʻp chiranma, koʻrganmiz ahvolingni, – dedi boshqa soʻzga tili aylanmay.

– Shunaqami? Kel boʻlmasa ikkalasini urishtirib koʻramiz.

– Qachon?

– Xohlasang bugun, hozir.

– Mening xoʻrozimning pixi singan-da. Biroz keyin, – dedi mujmallanib Qosim aka.

– Ha, qoʻrqib ketdingmi?

– Kim, menmi?

– Ha, sen...

– Olib kel, oʻsha xoʻrozingni, – Qosim aka qizishib ketdi.

Qosim aka katakdan dakangni koʻtarib chiqayotgan paytda Anvar dadasining qoʻliga yopishdi.

– Dada, urishtirmang. Axir, u kasal-ku.

– Nari tur! – Qosim aka jahl bilan oʻgʻlini siltab tashladi.

Qor ustida ikki dakang olishardi. Ular iloji boricha oyoqlarini balandroq koʻtarib, oʻz raqibini tepkilashga harakat qilar, ikkisining ham oyoqlari barobar toʻqnashib, yerga qaytib tushgach, oʻz zalvorini rostlab qolardi.

Ikki dakang har qanot yozib tepishganda, qor uchqunlari atrofga sachrab ketardi.

Qattiqroq tepki yegan Anvarning dakangi toʻsatdan dovdirab qoldi. Ikkinchi tepkidan soʻng esa boshi qip-qizil qonga boʻyaldi.

– Dada, ajrataylik, oʻlib qoladi, – Anvar sarosimali ohangda dadasiga yuzlandi.

– Qoʻyaver, oʻlsa oʻlaversin!

Dakangi yengilayotgan boʻlsa ham Anvar unga qoyil qoldi. Qip-qizil qonga boʻyalgan holda ham boshqa xoʻrozlarga oʻxshab qochishni xayoliga keltirmasdi.

Roʻziqul aka oxiri xoʻrozlarni ajratib qoʻydi. Anvar qay koʻz bilan koʻrsinki, oʻzining qadrdon dakangi koʻzlarining jiyagi sitilib, koʻr boʻlib qolgan edi.

– Padarlaʼnati bu xoʻrozni ertagayoq soʻyib, goʻshtidan senga osh qilib beraman, – dedi Anvarning dadasi Roʻziqul akaga. Soʻng oʻgʻliga yuzlanib, – koʻzimdan yoʻqol! – deb baqirdi.

Anvar dakangni koʻtarib dalaga ketdi. Kimsasiz bir joydagi daraxt ostida chogʻroq oʻra qazidi. Xoʻrozini u yerga joylashtirib, qor-yomgʻirdan asrash uchun ustiga qalin qilib shox-shabba tashladi. Har kuni don-suvidan xabar olib, sogʻaytirib olishni xayol qildi.

Ammo, kechga yaqin xabar olganida dakangi oʻrnida yoʻq edi. Ikki-uch patigina oʻra ichidagi tuproqda qorishib yotardi.

Anvarning xoʻrozi umriga zomin boʻlgan dakangining yengilmasligi bilan maqtanib yurgan Roʻziqul chiranchiqnikiga bir haftadan soʻng shaharda yashaydigan singlisi qizi bilan keldi. Uning qizi Dilnoza qishki taʼtilga chiqqan ekan.

Roʻziqul akaning qishloqning bir chetidagi anhorga tutash keng, shinam hovlisida xonaki jonzotlar koʻp edi.

Dilnozaning diqqatini maqtalgan dakang oʻziga tortdi. Unga tikilgancha agʻrayib qoldi.

– Qalay jiyan, senga bizning dakang yoqdimi deyman, – Roʻziqul chiranchiq xoʻrozi haqida maqtov soʻz eshitgisi keldi.

– Dakang nima degani togʻa? – soʻradi Dilnoza.

– Urushqoq xoʻrozlarni dakang deyishadi, – dedi Roʻziqul aka xoʻrozga yaqinlashib, uning tojini silarkan.

Tushda mizgʻib olgan Dilnoza tashqariga chiqqanida xoʻrozni koʻrmadi. Uni togʻasi urishtirgani olib ketgan ekan.

Kechga yaqin Roʻziqul chiranchiq xoʻrozini qoʻltigʻida koʻtarib, shumshayib kirib keldi. Dilnoza kechagi viqorli dakangni taniyolmay qoldi: xoʻrozning nimpushti toji uzilib, qontalash boʻlib ketgan, koʻzlaridan ham silqib qon oqardi.

– Dakangga nima boʻldi? – soʻradi ichkaridan chiqqan Roʻziqul akaning ayoli Xolida opa.

– Esiz, buni shuncha boqqanim, – bosh chayqadi Dilnozaning togʻasi. – Nabi tajangning xoʻrozidan yengilib oʻtiripti-ya, noshud, boʻlaqol, pichoqni olib chiq!

Xolida opa Dilnozaniyam oʻzi bilan ergashtirib ichkariga kirib ketdi... Kechki payt dasturxon yozilib, lagan toʻla palov keltirildi. Oshga bosilgan parranda goʻshtini Roʻziqul aka erinmay qiymataxtada maydalardi. Ayasining yonida oʻtirgan Dilnoza togʻasi toʻgʻrayotgan goʻshtga ishora qilib soʻradi:

– Aya, bu dakang xoʻrozning goʻshtimi?

– Ha, – tasdiqladi ayasi bosh irgʻab. – Togʻang maqtab yurgan dakangning goʻshtini yeyish bizga nasib etgan ekan.

Roʻziqul chiranchiq singlisiga bir ola qarab qoʻydi-yu, indamay pichoqni sochiq bilan artdi.

Dilnoza qorni toʻq ekanligini bahona qilib, osh yemadi.

Ulugʻbek Mustafo

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.