Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Dunyoni gullarga burkagan bola

O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi Shukrullo Abdullayev 1953-yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. Uzoq yillar telejurnalist sifatida faoliyat yuritgan. Ayni paytda nafaqada bo‘lgan adib badiiy ijod bilan muntazam shug‘ullanmoqda. “Tong yulduzi”, “Gulxan”, “Guncha” kabi bolalar nashrlarida uning ertak va hikoyalari chiqib turadi. Ijodidan ayrim namunalar maktab darsliklariga ham kiritilgan. Millionlab o‘quvchilar undan ma’naviy saboq olib kelmoqda. Shu kungacha adibning “Kapalaklar vodiysi”, “Arxarlar yo‘lboshchisi”, “Chaqmoq va quyosh”, “Tongni qutlab” kabi nasriy kitoblari chop etilgan. Ularda bolalikning o‘ziga xos olami, orzu-o‘ylari, hayotiy hikmatlari yorqin tasvir va obrazlarda aks etadi.

Bolakay tabiat shaydosi ekan. Ayniqsa, iforlari har tomon sochilib, bir-biridan go‘zal, rang-barang ochilib turgan gullarni ko‘rganda, beixtiyor yayrab, quvonib, bahri dili ochilib ketarkan. Gullar – o‘zida nafosat, go‘zallik va beg‘uborlikni birlashtirgan ona zaminning bir bo‘lagi, deb bilarkan bolakay. U  go‘zallik yaratishga, olamga ezgulik ulashishga orzumand ekan.

Kunlarning birida u o‘ziga-o‘zi debdi:

– Mana bu tuvakcha bekor turibdi. Shunga  gul urug‘ini ekib, uni parvarish qilaman. Go‘zal bo‘lib ochilsa, uyimiz ko‘rkiga ko‘rk qo‘shiladi. Ota-onam ham  xursand bo‘lishadi. 

Shunday deya bolakay gulchilikni boshlab yuboribdi. Tuvakni yaxshilab tozalab, unga tomorqasidagi unumdor tuproqdan solibdi. O‘zi yaxshi ko‘rgan gul urug‘ini sinfdoshi Nafisalarnikidan olib kelibdi va tuvakka ekibdi. Har kuni suv quyib, oz-oz miqdorda o‘g‘it solibdi.

Oradan bir necha kun o‘tibdi. Tuvakda olov rangidagi nafis gul voyaga yetibdi. U shu qadar go‘zal ediki, barchaning havasini keltirardi. Gulning yoqimli ifori hatto bemorlarni ham sog‘aytirib yuborardi. Buni ko‘rgan otasi o‘g‘lining yelkasiga qoqib, “Balli, o‘g‘lim!” – debdi. Onasi esa:

– E-e yashavor, qo‘lingdan ish keladigan katta bola bo‘lib qolibsan, o‘g‘lim,–deya maqtab qo‘yibdi.

Bolakay ota-onasining olqishidan ruh­lanibdi. Uning qalbida gul o‘stirishga havas yanada ortibdi. Chunki o‘stirgan gulining yonidan yangi gul novdalari o‘sib chiqib, tuvakka sig‘may qolibdi. Go‘yo jajji g‘unchalar bolakayga qarab:

– Qani, bizlarga ham imkon ber. O‘saylik, unaylik, chamanga aylanaylik, –  deyayotgandek tuyulibdi. 

Bolakay yana qo‘liga belkurakchasini olibdi. Hovlisidagi kichik bir ekindan bo‘shagan yerni tanlab, u yerga tuvakdagi gullardan ekibdi. Yoniga yana yangi gul ko‘chatlaridan qo‘shibdi. Nihollar ko‘kka bo‘y cho‘zarkan, bolaning ham mehri oshib boraveribdi.  Endi uning xayoli gul bilan band bo‘libdi. Bo‘sh vaqtlarida rasm daftariga  gullarning rasmini chiza boshlabdi. Hatto tushlarida ham rang-barang  gullar bilan suhbatlasharmish. Bir necha kun o‘tib, hovlining bir burchagida kichik bir chamanzor bunyodga kelibdi. Ota-onasi bu yerga kelib, hayratda qolishibdi. Yosh bog‘bonning ekkan gullari qizil, ko‘k, pushti, binafsha ranglarda tovlanib, barchaning ko‘zini quvnatardi.     

Ota-onasining xursandligini ko‘rib, quvongan bola dadasidan so‘rabdi. 

– Dadajon, maylimi, butun hovlimizga gul ekib, uni chamanzorga aylantirsam?

– Seni men bugundan yosh gulchi, haqiqiy bog‘bon deb atayman va, albatta, senga ishonaman, buni uddalaysan. Bor mahoratingni ishga sol, biz ham senga yordam beramiz, – o‘g‘lini ruhlantiribdi dadasi.   

– Gullaring o‘sib, ochilgandan so‘ng birinchi qo‘ng‘iroq uchun  guldasta yasaymiz va ustozlaringga tuhfa qilamiz, – qo‘llab-quvvatlabdi onasi.          

– Oyijon, men ham bog‘cha opamga shu gullardan olib boramanmi?! – debdi jajji singlisi Rayhona.

– Ha, albatta, senga o‘zim guldasta yasab beraman, – bolakay singlisini ruhlantiribdi. 

Shunday qilib, mehnatsevar bolakay bor kuchini ishga solib, hovlisini gulzorga aylantirishga kirishibdi. Unga ba’zan otasi, gohida onasi yordam beribdi. Jajji singlisi Rayhona ham qo‘liga chelakchasini olib, gullarga suv quyibdi. Oradan biroz vaqt o‘tib, bolakay o‘z va’dasining ustidan chiqibdi. U aytganidek, hovlisi gullarga burkanib, chinakamiga chamanzorga aylanibdi. Bir-biridan iforli gullar chaman-chaman bo‘lib ochilibdi. Bu yerda atirgul, rayhon, jambil deysizmi, barchasidan bor ekan. Ushbu chamanzorda kapalaklar-u asalarilar guldan gulga qo‘nib, yayrasharkan.  

Gulzorga aylangan hovlini ko‘rgan qo‘ni-qo‘shnilar ham hayron qolibdilar. Hattoki qo‘shni qizaloqlar “Bilimlar kuni”ga gul­larni bola­kayning gul­zo­ridan olib ketibdilar... 

     Bir kuni yosh bog‘­bon qo‘liga belku­rak­chasini olib, ko­‘chaga chiqibdi va ariq bo‘­yi­ni chopa bosh­labdi. Ma­halla tepasida tur­gan bekorchi bo­lakaylar unga qa­rata gap bosh­lashibdi:

– Ha, nima qil­moq­chi­san?

– Ko‘chamizni gul­larga burkamoq­chi­man, – dadil javob be­ribdi gulsevar bo­la­kay.

– Bo‘ladigan ishni qilsang bo‘lmaydimi?! – debdi o‘yinqaroq bolalardan biri.

– Buning ustiga ko‘cha juda katta bo‘lsa, bu ishni eplolmaysan, – suhbatga qo‘shildi koptok tepayotgan bolakay.

– Men bu bolani taniyman, – debdi ulardan biri. U uyini gulzorga aylantirgan. Ko‘chamizni ham gullarga burkashi aniq.     

Yosh gulchi ter to‘kib mehnat qilibdi. Dadasi uning belkurakchasini o‘tkirlab  berarkan. Onasi xo‘jalik mollari do‘konidan bolakay va uning singlisi Rayhonaga yangi chelakchalardan olib beribdi. 

Oradan kunlar o‘tdi. Ko‘chadagi ariq bo‘yi muattar gullarga burkanibdi.  Bir-biridan muattar ushbu go‘zallik timsollari ko‘chadan o‘tayotgan har bir odamni hayratga solibdi. Hattoki bolalar va qizaloqlar ushbu chamanzor oldida suratga tusha boshlashibdi. Bir kuni bolakay ne ko‘z bilan ko‘rsinki, gulzori yonida kelin-kuyovlar sayr qilib yurishibdi. Buni ko‘rganlarning barchasi, hattoki bekorchi bolalar ham xursand edilar.      

Oradan kunlar o‘tdi... Odamlar gulchi bolakayni bir qo‘lida belkurakchasi, bir qo‘lida esa dasta gullar bilan ketayotganini ko‘rdilar.

– Qayoqqa yo‘l olding? – qiziqib so‘rashdi undan.

– Dunyoni gullarga burkayman, – javob berdi bolakay ko‘zlarida shijoat porlab.

Ha, bu safar hech kim uning ustidan kulmadi. Nega deysizmi? Chunki u o‘z orzularini amalga oshirishni o‘rganib olgandi. Chunki u o‘z xonasi, hovlisi, ko‘chasini gullarga burkab, odamlarning qalbini  ezgulik nuriga to‘ldirgan edi.

Endi odamlar bolakayning dunyoni gullarga burkashiga chin dildan ishonar edilar.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.