Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Husnixating bo‘lsa…

“Negayam ikkinchi smen bo‘ldik, hozir maktabda o‘tirgan bo‘lardim-a...”

Shiftga qarab xayol surib yotgan Muhammad­diyorning soati bizning vaqt bilan ertalabki to‘qqizni ko‘rsatmoqda. Hamma nonushta qilib bo‘lgan. Onasining “Hozir zilzila bo‘lsa ham rozi edim. Balki turib ketarmiding” degan achchiq tanbehi esiga tushdi. Qattiq silkinishdan qo‘rqib uyg‘onishi-yu, qiy-chuvga qaramay eng muhim narsalarini (o‘zi yasagan o‘n beshtacha qog‘oz maketlar, hamyoni, mashinachasi, rangli qalam, marker, oq qog‘oz, do‘sti sovg‘a qilgan yurak shaklidagi tosh va buterbrod)ni popkasiga solib deraza oldidagi o‘rikka sakraydi, bo‘ldi! Aytmoqchi, dadasi ishga ketmagan bo‘lsa, mashina kalitini olvoladi va uyquni qolganini mashinada uraveradi. Xullas, buvisi aytganidek, bari yaxshilikka!

– Turganim bilan mashinaga chiqib ux­layveraman, – deydi ataylab onasining g‘ashiga tegish yo aqlliligini namoyish qilish uchun.

Oyisi yarim piyola muzdek suvni yu­ziga quyib, ishga ketgach, bari xom­xayolligi, onasi dunyodagi eng rahmsiz ona ekanini o‘ylaydi...

Nonushtadan keyin chala qolgan darslarini qilishga o‘tirdi. O‘zi uy vazifalarini kecha tugatdi, lekin oyisining “Xating muncha xunuk, ko‘p xato qilibsan”, degan gapi bilan mashqni qaytadan ko‘chirishi kerak.

“Husnixatning o‘zi nima keragi bor, tavba? Oyisiga qo‘ng‘iroq qilib, bajarmasligini aytadi”.

–   Qayta yozmayman, oyi. Chiroyli bo‘lishi shartmas, to‘g‘ri yozilsa bo‘ldi...

–   Muhammaddiyor, sen istasang bib-binoyidek yozishingni, seni yozu­ving, hatto, husnixat sifatida “Word” dasturiga kiritilishi mumkinligini ham bilaman. Bilmaganimda, talab qil­masdim.

–   Tushunmadim, qanday dastur?

–   Kompyuterdagi matn bilan ishlovchi “Word” dasturini aytyapman. “Shriftlar” degan joyini bossang, allaqancha husnixat turlari kelib chiqadi, bilasan-a?

–   Ha.

–   Ular qayerdan paydo bo‘lgan?

–   Bilmasam, kompyuter yozgan bo‘lsa kerak.

–   Yo‘q. Bu yozuvlar sendek oddiy odamlarning xati asosida paydo bo‘lgan. Demak, sen ham o‘shalarga o‘xshamagan o‘z usulingdagi xushbichim husnixat turi egasi bo‘lsang, reklama, kitob va istalgan yozuv bo‘lishi mumkin bo‘lgan joylarda seni xating ishlatilishi mumkin, tushunding?

–   Qoyi-il!

–   Endi bilyapsanmi, qanday iqtidoring borligini? Ishga solmasang, u seni tark etadi. Hammasi xunuk yozishga ko‘nikishdan boshlanadi.

“Tavba. Hozirgina yozgim kelmayotuvdi, oyimning gaplari bilan go‘zal yozuv yaratish ishtiyoqi paydo bo‘ldi...”

Qahramonimiz avval qoralama varaqqa mashqni bajarib, suratini telefondan oyisiga jo‘natdi.

–   Yomon emas, lekin bundanam yax­shi­roq yoza olasan. Harflaringni bo‘yini o‘stirib, jamalak buramalarga nuqta qo‘y. Qo‘lni uzmay yozish kerak.

–   Axir, shunisi chiroyli-ku!

–   Aytganimdek qilib ko‘r.

Yana qoralamaga oyisi aytganidek yozib, haqiqatda, shu nusxasi juda chiroyli chiq­qanini o‘zi ham payqadi. Daftarga ko‘chirganda yana ham tekis va chiroyli yozdi. Shunday qiziqib ketdiki, tamoman yangicha yozuv usullarini ixtiro qilishga tushdi.

 

Gulgun USMONOVA, jurnalist

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.