Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Istak

Iskandar sinfdoshi Olim bilan hech chiqisha olmaydi. Iskandar ancha qitmir. Darsdami, tanaffusdami – farqi yo‘q, kimgadir tegajog‘liq qiladi, kimgadir turtinadi. Shu sabab goh o‘qituvchilardan, goh sinfdoshlaridan tanbeh eshitadi. Shundanmi beozor, xushmuomala,  hamisha xushbichim kiyinib yuradigan Olimni ko‘rsa negadir g‘ashi kelar, “Hmm, qizbola!” deb g‘ijinib qo‘yardi.

Olim musiqa maktabida o‘qigani uchun rubobni o‘ynatib chaladi. Yurakdan berilib rubob chalayotganda ozg‘in, navcha gavdasi ham musiqaga mos silkinib ketardi. Negadir oyog‘ining uchini polga qoqib-qoqib qo‘yardi.

–   Tushunmadim, u nega rubob chalganda oyog‘ini polga uradi? –  so‘radi Iskandar sinfdoshi Ziyodadan.

–   Musiqa nota bo‘yicha ichdan sanab chalinar ekan. Xayolan oyoq bilan kuyni yo‘nalishga solsa bo‘ladi, – dedi Ziyoda ishonch bilan.

– Maktabimiz chekka tog‘li qishloqda joylashgan bo‘lsa-da, Olim haftada ikki-uch marta shaharga qatnaydi. U yerda musiqa maktabida o‘qib, san’at sirlarini o‘rganayapti. – Undan ibrat olinglar. – Sinf rahbarining bu so‘zlari  Iskandarga go‘yo o‘ziga tegizib aytilayotganday tuyuldi.

Hammadan a’lam qiladigani – kutil­maganda maktabda shov-shuvli xabar tarqaldi.

–   Eshitdinglarmi?! Olim Saidov Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Yosh musiqachilar” xalqaro tanlovida birinchi o‘rinni egallab, oltin medalni qo‘lga kiritibdi!

Shu tobda Iskandarning xayolida bir oy oldin Ziyodaning tug‘ilgan kunidagi voqea jonlandi.

–   Olim, nega rubobingni olib chiqmading? Sen kuy chalarding, biz o‘ynardik, – dedi Ziyoda yolvorguday bo‘lib.

–   Ha-ya, olib chiqsang-chi!

–  Bugun Ziyodaning gapi gap...

Sinfdoshlar ham Ziyodani qo‘llab-quv­vat­lashdi.

– Hozir, – tashqariga yo‘naldi Olim jilmayib.

U sadaflar bilan bezatilgan rubobini biroz sozlab olgach,  “Munojot” kuyini berilib ijro etdi.

–   Zo‘r, – dedi Halima. – Endi sho‘x kuylardan chal! Raqsga tushamiz.

–   E-e, rubobni ting‘illashiga raqsga tushib bo‘larmidi? Undan ko‘ra magnitofonni baland qo‘yib, jaz kuylarga o‘ynamaysanlarmi?! – dedi Iskandar jahl bilan.

–   O‘zbekligingni esdan chiqarma Iskandar og‘ayni, – dedi Salim.

–   Olim, ol rubobingni, bir o‘ynay, –  qo‘llarini baland yozib o‘rtaga tushdi Salim.

Olim avval “Lazgi”ni, keyin “Andijon polkasi”ni chaldi. Bobur laganni “childirma” qilib, rubobga jo‘r bo‘ldi.

Iskandardan boshqa hamma raqsga tushdi.

–   Sen o‘ynamaysanmi? – sinfdoshlar uni ham o‘rtaga tortdi.

Iskandar o‘shanda hasaddan qancha yonmasin, sirtidagini ichiga yutishga majbur bo‘lgan...  Istab-istamay davraga tushgandi. Lekin bu gal chiday olmadi:

–   Namuncha shu “oyimtillani” hamma maqtayveradi. Bo‘lsa bor yo‘g‘i bir artist bo‘ladi-da, – dedi tanaffus payti sinfdoshi Ziyodaga.

– Olimni nega sen bunchalik  yoq­tir­­may­san-a?  – Ziyoda endi gap boshla­gan­da nav­batdagi darsga qo‘ng‘iroq chalindi. Olim o‘zi haqidagi so‘zlarni eshitgan ekan, to‘g‘ri kelib Iskandarning yoqasiga changal soldi.

–   Kim oyimtilla! Hozir senga ko‘rsatib qo‘yaman!

Iskandar Olimda shunchalik vajohat-u, kuch borligini o‘ylamagan ekan. Mensimay jag‘iga tushirmoqchi bo‘ldi. Ammo Olimning mushti zarbidan esankirab qoldi. Yaxshi ham, raqiblarni sinfdoshlar ajratib qo‘ydi. Yo‘qsa bu mushtlashuv Iskandar foydasiga hal bo‘lmasdi.

Ertasi kuni umummaktab tantanali yig‘ilishi bo‘ldi. Direktor Rajab Sultonovich Olimni erishgan yutug‘i uchun maxsus sertifikat bilan taqdirlar ekan:

–   Sayidov, bolam. Chekka qishlog‘imiz, maktabimiz dovrug‘ini yoyayotganing uchun senga tashakkur bildiraman. Prezidentimiz hozirgi kunda barcha maktablarda milliy musiqamizni rivojlantirishga doir farmonlar chiqarmoqda. Sendan iltimosim, musiqa maktabingda o‘rganganlaringni  to‘garak tash­kil etib, o‘rtoqlaringga ham o‘rgatsang.

Yig‘ilishdan so‘ng soz chalishga ishqiboz o‘quvchilar Olimning oldiga kelib, agar to‘ga­rak tashkil etilsa, a’zo bo‘lishlarini aytishdi.

–   Maktabdagi cholg‘u asboblarining o‘zi kuy o‘rganishga kamlik qiladi. Ko‘proq mashq qilish uchun rubob sotib olishinglar shart, – dedi Olim ishqibozlarga.

Iskandar maktabda tashkil etilgan rubobchilar dastasiga a’zo bo‘lishga ikkilanib yurgan kunlarning birida dadasidan dashnom eshitdi.

–   Sen qandoq kuydirgi bola bo‘lding-a?! Yo‘lda sinf rahbaring bilan suhbatlashib qoldik. Fanlardan yaxshi o‘zlashtirmas emishsan. Ba’zi darslarga kirmay, o‘qituvchilarni kuydirar ekansan. Xo‘sh, o‘zi sen kimga tortding?! O‘zing ayt, sho‘xlik qilib biror maqsadga erishsa bo‘ladimi?! Xo‘p, yaxshi o‘qishni eplay olmas ekansan, birorta hunarga qiziqishing bormi o‘zi?

–   Dada, rubob olib bering. Chalishni o‘rganmoqchiman, – dedi kutilmaganda, Iskandar boshini ko‘tarib.

– Qanday o‘rganasan? – ajablanadi Po‘lat aka.

–   Olim degan sinfdoshim maktabda to‘garak ochgan. Rubobim bo‘lsa, o‘rgatadi.

–   Mayli, olib berganim bo‘lsin.

Rubobli bo‘lgach, Iskandar ming istihola bilan Olimning yoniga bordi:

–   Og‘ayni, rubob sotib oldim. Endi meni ham rubobchilar dastasiga qabul qilaqol.

Sinfdoshining ahvolini sezgan Olim uning yelkasiga qo‘lini qo‘ydi:

–   Mayli o‘rtoq, ish­tiyoq bilan qatnashsang, senga rubob chalishni o‘rgataman, – dedi.

Olim do‘stlariga rubobda kuy chalish bilan birga notalar savodxonligini ham o‘rgata boshladi. Kuyning har bir takti nota bo‘yicha sanab chalinsa, o‘rganish oson ekan.

Shu tariqa Olim Iskandarning san’atda birinchi ustozi va yaqin do‘stiga aylandi. Ularning rubobchilar dastasi tumandagi tanlovda g‘olib bo‘lishga ham ulgurdi.

–   Bolam, haqiqatdan ham sen yaxshi tomonga o‘zgarding, – Po‘lat aka Iskandardan xursandligini yashirib o‘tirmadi. – Nima tilaging bor? Sening kelajaging uchun barchasini bajo keltiraman!

Otasining o‘zidan quvonayotganini sezgan Iskandar biroz dadillashdi:

–   Dada, bu yil yozda Olim o‘qiydigan musiqa maktabiga o‘qishga kirmoqchiman. Darsdan so‘ng qatnab o‘qishimga rozimisiz?

–   Albatta, roziman! – jilmaydi dadasi.

 

Ulug‘bek MUSTAFO

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.