Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Odob

Madina endi 4-sinfda o‘qiydi. Lekin juda mahmadona. Hamma narsaga aralashaveradi. Mahalladagi ayollar, Karima opoqi nevarasini “qovurib” olgan, deb kulishadi. Bir kuni Hakima xola ko‘chasini supurayotgan ekan. Madina darvozalaridan chiqib bir zum unga qarab turdi-da, asta yoniga borib, salom berdi. Keyin:

– Opoqi, nega o‘zingiz supurayapsiz? Kennoyimga aytsangiz bo‘lmaydimi? Axir kampirlar ish qilsa uyat bo‘ladi-ku, – dedi dabdurustdan.

Hakima xola qaddini ko‘tardi, supurgini yerga tashladi.

– Obbo qaqajon-ey, hali men senga kampir bo‘lib qoldimmi, – dedi, – meni xafa qilding-ku. Mavjuda kennoying sigir sog‘yapti, Halima opang nonushta tayyorlayapti. O‘zing nega maktabga bormading, yoki ko‘chani qolganini supurib berasanmi?

– Supurgingizning kattaligini qarang, men uni ko‘tarolmayman. Hali nonushta qilmaganman, buvijonim qidirib qoladilar, – dedi Madina.

– Darsga borasanmi?

– Bormayman, o‘qituvchimiz kasalmi, kecha maktabga kelmadi. Baribir hozir maktabda direktor yo‘q, hech kim bizni tekshirmaydi, – Madina shunday deb uyiga yo‘l olarkan, qo‘shib qo‘ydi, – mayli, men ketdim. Halima opamga salom deb qo‘ying.

– Tavba, buncha keksaqari bu qizcha. Xuddi katta odamni kichkina qilib qo‘yganga o‘xshaydi. Gapi o‘zini bosib qolay deydi-yu, qo‘lingizdan supurgini olmaydi, – dedi boyadan beri eshigi oldida ularni kuzatib turgan Matluba kennoyi Hakima opoqi bilan ko‘risharkan. – Maktabda direktor bo‘lmasa, ish bo‘lmasligini ham biladi.

– Ha, shunga men ham hayron bo‘lib turgandim, – dedi Hakima opoqi.

– Nega orqamdan yomonlayapsizlar? Birovni g‘iybat qilish gunoh, – taqqa to‘xtadi Madina. – O‘zingizning qizingiz Mavjuda nega ko‘chaga suv sepmay, chelakni sizga berib qo‘yibdi. G‘irt dangasa u. Darsda ham uxlab o‘tiradi.

– Voy-voy, og‘zingga qarab gapir. Qachondan buyon savob bilan gunohni ajrata qolding, qaqajon, – bo‘sh kelmadi Matluba kennoyi.

– Buvijonim o‘rgatganlar, kichkinaligimdan bilaman.

– Ha durust, lekin buving yoshingga yarashmagan gaplarni gapirma, deb o‘rgatmabdilar-da. Buvijoningni ko‘rsam, aytib qo‘yaman.

– Aytsangiz, chaqmachaqar bo‘lasiz.

– Yaxshi, senga odob o‘rgatib chaqmachaqar bo‘ldim, – Matluba kennoyi arazlab uyiga kirib ketdi.

Shu choq nevarasini yetaklab Hojiya buvi kelib qoldi.

– Assalomu alaykum, Hojiya buvi, Muslimani bog‘chaga olib ketyapsizmi? Oyisi olib borsa bo‘lmaydimi? Charchab qolasiz-ku. Hojiya buvi, o‘zi sog‘liqlaringiz yaxshimi, qon bosimingiz oshmayaptimi, amakim yaxshi yuribdilarmi? – bidirladi Madina Hakima opoqi bilan so‘rashayotgan buviga yaqinlashib.

– Hojiya buvi uni tanimoqchiday tikilgandi, Hakima opoqi yordamga keldi, – qarangdan zarang chiqadi, deb bu qizcha indamasgina Karima kennoyining nevarasi. Ko‘chamizning “Bi-bi-si”si. Unga hisob berib o‘tmasangiz, baloga qolasiz.

Hojiya buvi tushunarli, deganday boshini qimirlatdi, keyin Madinaga yuzlandi:

– Vaalaykum assalom, puchuq qizim. Qani, buyoqqa kel-chi. Endi gap bunday. Tiyrakliging, ziyrakliging yaxshi. Ammo hamma narsa o‘z o‘rnida bo‘lishi kerak. Katta katta o‘rnida, kichik kichik o‘rnida. Kattalarga kichiklarning salom berishi to‘g‘ri. Biroq bolajonim, buving tengi odamdan hol-ahvol so‘rashga sening haqqing yo‘q. Senga yarashmaydi ham. Hol-ahvolni sendan men so‘rashim kerak. Chunki ahvoling yomon bo‘lsa, yordam bera olaman, yordam bera olmasam ham maslahat bera olaman. Ko‘rgan bo‘lsang, o‘g‘il bolalar katta kishilarga o‘ng qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib salom beradi. Agar katta odam qo‘lini uzatsagina u qo‘l berib so‘rashadi. Aks holda bu odobsizlik bo‘ladi. Xuddi shunday, sen ham aqllilik qilaman deb, beodoblik qilib qo‘yasan. Bundan keyin o‘zingning aqling yetmagan, haqqing bo‘lmagan narsalarga aralashma. Yoshingga yarashmagan gaplarni gapirma. Ana shunda buvingga munosib nevara bo‘lasan. Buvijoning mahallamizning eng obro‘li, bama’ni ayoli, – Hojiya buvi shunday deb Hakima opoqiga qarab qo‘ydi. Opoqi uyalib yerga qaradi. Madina ham qulog‘igacha qizarib ketdi. Keyin: – xo‘p bo‘ladi, – dedi jilmayib. – Bog‘chaga yaxshi borib keling, desam bo‘ladimi ishqilib?

Hojiya buvi jilmaydi-yu, ammo hech nima demadi. U sal narida kutib turgan nabirasining oldiga borib qo‘lidan tutdi.

 

Muhabbat HAMIDOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.