Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Qimmatli sovg‘a

Gulnoza juda tortinchoq, muomalaga tez kirisholmaydi. Ammo Nasiba samimiy, ko‘ngli ochiq bo‘lgani uchunmi, ularning sinfiga yaqinda kelgan bo‘lsa-da, Gulnoza bilan tez til topishdi. Yaqinda Nasibaning tug‘ilgan kuni. Gulnoza ham barcha sinfdoshlari qatori tug‘ilgan kunga taklif qilingan.

Darsdan so‘ng ikki dugona maktab darvozasi yonida biroz suhbatlashib turishdi. Nasiba sal nariga kelib to‘xtagan mashinaga o‘tirarkan Gulnozaga: – Ertaga albatta kutaman, – deb xayrlashdi. Uning otasi yuqori lavozimda ishlaydi, shuning uchun qizini olib ketishga har kuni haydovchisini yuboradi.

Gulnoza uyiga kelgach, dugonasiga qanday sovg‘a berishni o‘ylab, boshi qotdi. Shkafni ochib, tug‘ilgan kunida buvisi va xolalari bergan sovg‘alarni ko‘zdan kechirdi, oyisi o‘tgan kuni olib bergan sharfni qo‘liga oldi. Lekin nazarida ularning birortasi sovg‘a uchun mos kelmadi. “Nasibaning bunday narsalarga ehtiyoji yo‘q, uning hamma narsasi yetarli”, o‘yladi u.

Nabirasining xunobi chiqayotganini ko‘rgan buvisi yoniga chaqirib nimadan bezovta bo‘layotganini so‘radi.

– Buvijon, ertaga dugonamning tug‘ilgan kuni, nima sovg‘a qilishni bilmay boshim qotdi. Narsalarim orasidan  unga mosi chiqmayapti.

– Iye, – dedi Xadicha buvi jilmayib, – uning didi qanaqa ekan?

– Juda nozik. Ko‘ylak, sumka, oyoq kiyimlarni ham so‘ngi urfdagisini kiyadi.

Buvi nabirasining yig‘lamoqdan beri bo‘lib turganini ko‘rib, ko‘zoynagini o‘qib turgan kitobi ustiga qo‘ydi.

– Beri kel-chi, – dedi ovutish ohangida, – dugonang haqida menga gapirib ber-chi? – Gulnoza oyisidan arazlagan boladay buvisining yoniga kelib, hafsalasizgina o‘tirdi.

– Nasiba ko‘p kitob o‘qiydi, o‘rni bilan ma’noli gapiradi. Maktab tadbirlarida ham faol. Darsda bir partada o‘tiramiz. Maktabga har kuni mashina olib kelib, darsdan so‘ng olib ketadi. Lekin u buni sira istamaydi, men bilan suhbatlashib ketishni xohlashini ko‘p bora aytgan.

Nabirasining gapini tinglagan buvi ko‘zoynagini taqib, xontaxta ustidagi kitobni varaqlab, ovoz chiqarib o‘qiy boshladi:

“Odamzod olamga sara mavjudot sifatida keldi, u salohiyat, bilim va zakovatga ega bo‘ldi. Unga tabiat aql va ong ato qildi, so‘zlash qobiliyati, andisha, xushxulq va go‘zal fe’l berdi. Agar inson yuqoridagi sifatlarni o‘ziga singdirgan ekan, u albatta, ulug‘likka erishadi”.

Xadicha buvi kitobni yopib, ko‘zoynagini qo‘liga oldi:

– Bolajonim, agar dugonang sen ta’riflaganday aqlli, zakovatli qiz bo‘lsa, sen unga nima hadya qilsang ham sovg‘angni ikkilanmay qabul qiladi. Chunki chin yurakdan berilgan sovg‘aning yomoni bo‘lmaydi, aksincha, u qadrli bo‘ladi.

Gulnoza tug‘ilgan kundan boshqalardan ko‘ra ertaroq chiqdi. Oyisi qorong‘i tushmasdan qaytishini tayinlagani uchun uzoq qolgisi kelmadi.

Ertasi kuni adabiyot darsida erkin mavzuda insho yozishdi. Nasiba inshoga shunday sar­lavha qo‘ydi: “Eng qimmatli sovg‘a”. U insho rejalarini hafsala bilan yozar, Gulnoza esa o‘zida yo‘q xursand edi. Chunki Nasibaning partasi ustida kecha Gulnoza hadya qilgan sovg‘a –  yupqagina muqovali kitob turardi.

 

Quvonchbek SALIMOV,

Qarshi tumanidagi 42-maktab o‘qituvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.