Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Quyun

Fantastik qissa

 

“Bu bolalar nega bunchalik qoʻpol, dagʻal? – oʻzicha oʻylardi Akbar. – Bir-birlarini hurmat qilishni bilishmaydi. Maysalarni payhon qilib, daraxtlarni sindirishdan zavqlanishadi. Duch kelgan jonivorlar-u maxluqlarni yeyishdan tap tortishmaydi. Bu ketishda oʻrmonga qiron kelishi hech gapmas-ku! Savodlari ham joyida emas. Oddiy sanoqlar, qoʻshish-ayirishni ham bilishmaydi. Men ularga saboq berishim kerak!”

Bolakay shunday oʻy-xayollar bilan ertasi erta bilan tengdoshlari huzuriga oshiqdi. Bolalarga imo-ishora bilan mashgʻulot oʻtkazishni tushuntirdi. Daraxtlar poʻstlogʻidan qoʻlbola doska tayyorlashdi. Oʻtirish uchun shoxlardan oʻrindiqchalar yasadi. Mashgʻulot oʻzaro tanishuvdan boshlandi.

– Mening ismim Akbar, – soʻz boshladi u. – Seniki-chi? – bolalardan biriga yuzlandi soʻng.

– Jek! – dedi sepkilli sariq bola.

– Meniki Ali!

– Aleksandr!

– Garri!

Bolalar koʻkragiga mushtlab, chugʻurlashib oʻzlarini tanishtira boshlashdi.

– Yaxshi, mana, tanishib ham oldik. Men imkoni boricha inglizcha gapiraman, bu sizlarga tushunarli boʻlsa kerak, deb oʻylayman. “Keling, doʻstlashamiz” mavzusida savol-javob oʻtkazamiz. Xoʻsh, sen qayerdan kelgansan? – qosh-qovogʻi koʻkarib, sochlari hurpaygan habashga yuzlandi Akbar.

– Toʻgʻrisi, qayerdan kelganligimni oʻzim ham bilmayman, – boshini qashib, soʻz boshladi u. – Har holda uydan qochib ketganligimni bilaman. Habash tutilib-tutilib, soʻzlarni buzib talaffuz qilayotgan boʻlsa-da Akbar quvonib ketdi.

– Yaxshi, hammamiz inglizchada shunday gaplasha olsak, tezda til topishib ketamiz! – zavqlanib gapirardi “muallim” bola. – Endi navbat senga, – sap-sariq shalpangquloqqa savol nazari bilan qaradi Akbar. U gapni nimadan boshlashni bilmay xayol surib turganda bir necha kapalak bolalar ustida charx ura boshladi. Bolalardan biri ularni ushlayman deb qoʻl choʻzgan edi, bexosdan yonidagi sherigining oyogʻini bosib oldi. U ham qarab turmay sherigining jagʻiga musht tushirdi. Kimdir bolalardan birining oyogʻidan tortgan edi, yiqilib tushdi. Avval tarafkashlik, soʻngra ur-toʻpolon boshlandi. Tayoq yeb jahli chiqqan bolalar qoʻliga ilingan narsani bir-birlariga ota boshlashdi. Oʻrindiqlar havoda koptokdek uchdi. Doskani ham tepkilab, parcha-parcha qilib tashlashdi. Akbarning hafsalasi pir boʻldi: Odam ham shunchalik loqayd, bezbet boʻladimi? Mashgʻulot oʻtish uchun ozmuncha hozirlik koʻrdimmi? Essiz mehnatim, bularga oʻqish-yozishning qizigʻi yoʻq. Yaxshi-yomonni ajratolmaydigan maxluqlar”.

Biroq Akbar bu bezori bolalarni izga solish fikridan qaytmadi. Bir amallab til topishib ketdi. Futbol haqidagi fikrini bolalar darrov fahmlashdi. Tekis maydon tanlab darvoza oʻrnatildi. Teri shakliga keltirilgan daraxt poʻstlogʻidan koptok yasashdi. Uning ichini yengil xas-xashak bilan toʻlgʻazishdi. Yasama koptok haqiqiysidek qattiq sakramasa-da, har holda oʻynasa boʻladi.

Bolalar “Shamol” va “Dovul” degan ikki guruhga boʻlinishdi. Oʻyinni Akbar boshqardi. Qamishga oʻxshash naysimon oʻsimlik xushtak vazifasini bajardi. Barglardan qizil va sariq kartochkalar yasaldi. Darvozalar ortiga poʻstloqdan arqonsimon qilib toʻr ham yasadilar. Bolalar koʻz oʻngida bir zumda rosmana futbol maydonchasi namoyon boʻldi.

Bolalar futbolni ancha sogʻinib qolishgan ekan. Darvozaga toʻp kiritish uchun jon-jahdlari bilan yugurishardi. “Shamol”liklarning hujumlari raqibni ancha shoshirib qoʻydi. Biroq darvozani aniq nishonga olish hadeganda nasib etavermadi. Darvozabonlar ham chakki emas ekan – yondan, balanddan kelgan toʻplarni maymundek chaqqon harakatlar bilan qaytarishardi. Nihoyat “Shamol”lik hujumchi toʻpni qoʻli bilan urib darvozaga kiritdi.

Hakam turgan gapki, golni hisobga olmadi. Bundan ruhlangan “Dovul”liklar qarshi hujumga oʻtishdi. Gol! Hisob 1:0, “Dovul” foydasiga. Kayfiyati buzilgan “Shamol” himoyachilari qoʻpol oʻynay boshlashdi. Raqibni orqa tomonidan chalib yiqitgani uchun himoyachilardan biriga qizil kartochka koʻrsatildi. Bir oʻyinchi kam boʻlib qolgan “Shamol”chilar oʻyinni buzdi. Kimdir “toʻp”ni jahl bilan parchalab tashladi. Bolalar mushtlashib ketishdi. Chakkasiga tushgan musht zarbidan oʻyinchilarni tartibga chaqirmoqchi boʻlgan Akbarning ogʻzidagi hushtak uchib ketdi. Hakam hali oʻziga kelib ulgurmasdan beliga tepki yedi. “Bularning nusxasi odam – ichi toʻla yovuzlik. Rahm-shafqatdan butunlay uzoqlashib ketishibdi. Odamni tarbiya maxluqlardan ajratib turar ekan. Alamdan Akbarning tishlari qisirlab ketdi.

* * *

“Bezori bolalar orolga qanday kelib qolishgan?” degan savolga kuzatishlar, muloqot orasida javob topgandek boʻlardi. Ota-ona nazoratidan chetda qolgan maxluqchalar maktabda ham darslarda toʻliq qatnashmagan ekan. Uydagilarni maktabdaman, deb chalgʻitib, ustozlarni onamning mazasi yoʻq yoki ukam kasal, deb aldab yurishgan.

Ularning dastidan oʻrmondagi dov-daraxtlar, oʻt-oʻlanlar ohorini yoʻqotmoqda. Jonivorlar ularning sharpasini eshitishlari bilan oʻzini har yonga urib, tum-taraqay qochishadi. Bu ketishda oʻrmonda oʻsimlig-u tirik jondan asar ham qolmaydi. Keyin nima boʻladi? Maxluqchalar yemak izlab oʻzga sayyoralarga xatar solmaydimi? Daydi bolalar bu yerlarga tasodifan kelib qolmagan, – oʻzicha oʻylardi Akbar. – Oʻzgalarning fikri xayolini buzmasin, boshqalarni ham ortidan ergashtirmasin, deb tangri ularni turli yoʻllar bilan bir manzilga jamlagan. Bu jazo ham ularning koʻzini ochmagan koʻrinadi. Shular qatori bu yerlarga kelib qolishimda mening ham aybim yoʻq emas. Agar ustozimning aytganlarini qilganimda, oʻzboshimchalik bilan quyun oldiga bormaganimda bu holga tushmasdim.

Buning uchun ustozlardan kechirim soʻrayman. Nima boʻlsa ham oʻz sayyoramga qaytishim kerak. Olis manzillarda koʻrganlarimni maktabdoshlarimga, barcha-barchaga aytishim kerak. Kimsasiz orolda odob-u ahloqdan yiroq daydi bolalar hayot kechirayotganligi haqida olamga jar solaman. Toki daydi bolalar qilmishidan hamma ogoh boʻlsin!

Axir men koʻrgan sayyoraning goʻzalligi va tabiiyligi asta-sekin yoʻqolib bormoqda-ku! Yaxshiyam ular katta odamlar emas. Ular ulgʻaygan sari, tabiatga yetkazayotgan zarar ham kattalashib borishi turgan gap.

Oldingdan oqqan suvning qadri yoʻq, deyishadi. Buni ayriliqda, uzoqlarda yurganingda chuqurroq his etar ekansan. Koʻcha-koʻy, mahallamizdagi goʻzalliklarning qadriga yetmas ekanmiz. Xiyobonlarda, yoʻl chekkalaridagi yashil maysalarni kimlardir chorva mollariga yedirib payhon qilsa ham koʻrmagandek oʻtib ketaveramiz. Jaziramada salqinlik ulashayotgan favvoralarning qalpoqchalarini bolalar oʻynab, buzib tashlashsa “menga nima” deymiz.

Kimlardir favvora quvurlariga yelim ichak ulab, hovlisiga suv sepdi. Negadir hech kim ularning mushugini “pisht” demaydi. Bunday befarqlik va beparvoliklar qimmatga tushishini Akbar bolalarga xos tasavvur bilan chuqurroq his eta boshlagan edi.

Oʻzga sayyoradagi sarguzashtlar Akbarga saboq boʻldi. U butun vujudi bilan noʻmalum oʻlkaga yordam berish yoʻllarini axtarar edi. Buning uchun qadrdon doʻstlari yoniga tezroq qaytgisi kelardi. U oʻz sayyorasiga qanday qilib yetib olishni oʻylardi. Qoʻl qovushtirib, xayol surish bilan ish bitmaydi. Bilganlarini ishga solishi kerak. U yoshligidan osmonga qush kabi qanotini yozib, uzoq-uzoqlarga uchishni xayol qilardi. Xayolni haqiqatga aylantirish payti keldi. Lekin qanday qilib? Osmonga nima bilan uchadi?

Akbar ertakdagi moʻjizalarni esladi. Uchar gilam, shar, sinmas qanotlarni koʻz oldiga keltirdi. Rostdan ham uchar gilam yasab koʻrsa boʻlmasmikan? U oʻrmonzordagi qamishga oʻxshash oʻsimlik butalaridan toʻpladi. Daraxt poʻstlogʻi yordamida oʻziga uchar gilam toʻqidi. Baland tepaliklardan pastga uchib koʻrdi. Uchar gilam havoda biroz lapanglab turdi-yu, yerga qulab tushdi. Unda uzoqqa borib boʻlmaydi. Negaki, uni boshqarib boʻlmasdi. Qolaversa, uning uchishi uchun shamol esib turishi kerak. Qorongʻida daraxtga ilinib qolishi yoki qoyalarga urilib ketishi hech gapmas. Bu usul Akbarning orzularini roʻyobga chiqarishga yordam berolmasdi.

Havo shari osmonga koʻtarilishining eng qulay vositasi. Ammo uni yasash oson emas. Katta mehnat, ancha bosh qotirish kerak. Akbar astoydil kirishsa buning uddasidan chiqadi. Maktabda yosh texniklar toʻgaragida koʻrganlari qoʻl keldi. Ustozlari aytgandek, har qanday qurilma ham maʼlum imkoniyatlarga asoslanadi. Ixtiroda tavakkalchilik emas, aniq hisob-kitob, maqsad ustun boʻlishi lozim. Ana shunda koʻzlangan moʻljalga yetish mumkin. Shar yasashda Akbar shu jihatlarga amal qildi. Avval sharning kichik nusxasini tayyorlab, sinovdan oʻtkazdi. Shu asosda havoda bemalol uchadigan shar yasadi. Uning barcha qismlari deyarli daraxt poʻstlogʻidan iborat edi. Ixtirosidan Akbar oʻzida yoʻq xursand boʻldi. Shar havoga koʻtarilganda Akbar oʻrindiqqa oʻtirib, uni boshqaradigan moslamalar oʻrnatdi. Havo shari ustidagi mustahkam qoplama quyosh jaziramasiga, qor-yomgʻirga bemalol bardosh berardi. Avval qirlar orasida uchishni mashq qildi, nihoyat, ishonch hosil qilgach, Akbar manzil tomon parvoz qildi.

Quvonch va hayajondan Akbarning yuragi hapqirib, oʻzicha nimalarnidir pichirladi. “Xayr kichik sayyora, men sening bagʻringga doʻstlarim va ustozlarim bilan qaytaman. Seni bebosh daydilar iskanjasidan albatta xalos etaman!”... Shar esa Akbarni ona sayyorasi sari sogʻinch va zavq bilan uchirib ketdi.

Tamom

 

Abdusattor SODIQOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.