Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

To‘rtko‘z

– Bolam, g‘izillagancha do‘konga chiqib kelgin, tuz qolmapti, – dedi onasi.

Abdurasul onasidan pulni oldi-da, G‘aybulla toshning do‘koniga yugurdi.

– Pulni ehtiyot qil, – deb qichqirdi onasi uning ortidan.

Abdurasul Abdulla tog‘adan bir qadoq tuz olib uyga qaytayotgandi. Usta O‘rinboy buvaning eshigi tagida chiroyli bir kuchuk o‘ralashib yurganini ko‘rdi. Yugurib borib kuchukchaning boshini siladi. Kuchukcha uning oyoqlariga surkalib, dumini likillatib erkalandi. Uning munchoqdek dum-dumaloq ko‘zlarining tepasida tangadek keladigan ko‘zni eslatuvchi sarg‘ishroq xol bor edi. Yo‘q bu xol emas, hozirgi til bilan aytganda ko‘zning kserokopiyasi edi. Bunday itlarning oti o‘zi bilan – To‘rtko‘z.

Abdarasul kuchukchani yaxshi ko‘rib qoldi. Kuchukchaning ham undan ajralgisi kelmayotgandek.

Onasiga tuz kerak, shuning uchun it bilan xayrlashishga to‘g‘ri keladi.

Tor ko‘chadan burilganda beixtiyor ortiga o‘girildi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, To‘rtko‘z uning ortidan kelayotgandi.

– Kel, ikkalamiz o‘rtoq bo‘lamiz, – dedi To‘rtko‘zga. – Qani, qo‘lingni ber-chi.

It qo‘l berishni istamadimi yoki hali gapga tushunmaydimi, indamasdan turaverdi. Abdurasul kuchukchaning old o‘ng oyog‘ini qo‘liga oldi.

– Oshnalar ko‘rishganda mana shunday qo‘l beriladi. Uqdingmi? – deb so‘radi u. Kuchukcha ingranib uning oyoqlariga suykaldi. Tor ko‘chaning muyulishida ariqcha bor edi.

– Sakra, – dedi u. – Endi biz sen bilan do‘st bo‘ldik. Qani sakra...!

Kuchukcha ingillab ariqchadan o‘tgani joy izladi. Lekin yuragi dosh bermadi chog‘i, yana mo‘ltirab munchoq ko‘zlari bilan Abdurasulga qaradi.

– Men seni ko‘tarib o‘tkazib qo‘ymayman. Ariqchadan o‘zing sakrashing kerak! – dedi bola.

Ikki norasida bir-biriga termilgancha turib qoldi.

– Men onamga tuz olib borib berishim kerak, tushunyapsanmi?

– Ha, – deb bosh silkidi kuchukcha.

– Bo‘lmasa, sakra! Yuraging dov bermayapti, bildim. Lekin sen sakrashing kerak.

– Qo‘rqyapman.

– Yo‘q. Sen qo‘rqmasliging kerak. Meni do‘stim bo‘lsang, qo‘rquv degan narsani esdan chiqarasan. Qani bo‘l!

– Sakrolmayapman.

– Bo‘pti. Keyingi safar urinib ko‘rasan. Xayr bo‘lmasa.

Abdurasul ilk marta do‘stdan ajralish qiyin ekanini his qildi. Oradan kunlar o‘tdi. Bolakay bilan kuchukcha katta ko‘chada quvlashmachoq o‘ynar, qiyqirib kulishar, kechga borganda, ariqcha oldida xayrlashishardi.

– Sen kun bo‘yi qayoqlarda yurasan sandiroqlab? Akalaring bilan o‘t tergani borsang-chi, – deb koyirdi onasi.

Kuchukchani qanday qilib uyga olib kelsam ekan, deb o‘yladi bola. Akalari nima der ekan. O‘ylab-o‘yiga yetolmasdi. To‘rtko‘z ulg‘ayib, ko‘zga tashlanadigan bo‘lib qoldi.

– Endi ariqchadan hatlasam bo‘ladi, – dedi bolaga.

– Qani, sakra bo‘lmasa, – dedi bola.

Bir yarim oydan so‘ng kuchukcha ariqchadan sakrab o‘tdi.

– Ana endi kun bo‘yi birga bo‘lamiz, – kuchukchani bag‘riga bosdi u.

– Endi sirayam zerikmaymiz, – shivirladi kuchukcha.

Kechqurun ko‘chadan notanish ovoz keldi:

– Aliboy, ho Aliboy.

Bu ovozni eshitgan kuchukcha uning oyoqlariga surkaldi:

– Meni olib ketgani kelishdi.

– Seni hech kimga bermayman, – deya uni erkaladi bolakay.

– Abdurasul! Bu otasining ovozi edi.

Bola istamaygina ko‘cha eshik yoniga bordi.

– Nega birovning kuchugini o‘g‘irlaysan?!

– O‘g‘irlaganim yo‘q.

– Ana Abdozir buvang izlab kepti-ku?

– O‘g‘irlaganim yo‘q.

– Uni qirg‘izlardan pulga sotib olganman, bolam. Katta pulga.

Bola otasiga javdirab qaradi.

– Senga boshqasini olib beraman, – deya uni yupatdi otasi.

– Boshqasi kerakmas!

– Abdozir aka, – dedi otasi mehmonga. – Mayli, pulini beraman. Shu kuchukchani menga bering.

– Men uni sotish uchun olmaganman.

– Ixtiyoringiz.

Abdozir buva kuchukni ko‘tarib yo‘lga tushdi. Bola yig‘lab ularning ortidan yugurdi:

– To‘rtko‘z, To‘rtko‘zim!

Kuchukcha ingranib unga talpindi. Baquvvat qo‘llar uni mahkamroq ushladi.

Kechqurun Abdurasul yig‘lab-yig‘lab uxlab qoldi. Ma’mur akasi uni yupatdi:

– O‘zim senga bundan ham zo‘r kuchuk olib beraman.

– Boshqasi kerakmas, – dedi bolakay. – Baribir o‘g‘irlab kelaman.

Oradan ikki kun o‘tdi. Abdurasul Abdozir buvaning eshigidan ikki-uch marta o‘tdi. Yo‘taldi. Bunga javoban kuchukchaning g‘ingshigan ovozi keldi.

Uchinchi kun kuchukcha birdan hovlida paydo bo‘ldi. Bolaning nazdida hamma narsa o‘zgarib ketgandek tuyuldi. Ko‘ngilsiz gaplarni unutib, kuchukchani bag‘riga bosdi. Bu hol ikki-uch marta takrorlandi. Keyin Abdozir chol yon berdi.

– Mayli, o‘rniga boshqa kuchuk olib beringlar.

Bolakay kuchukni atala berib boqdi. Otasining aytishicha, atala bilan boqilgan it bo‘riniyam olarkan. Bir kuni oqshom payti onasi:

– Ibrohim, g‘o‘zapoyam tugab qoldi, – dedi.

– Shuni oldinroq aytmaysanmi, – dedi otasi va o‘rnidan turib, dalaga jo‘nadi. To‘rtko‘z bolaga bir qaradi-yu, katta xo‘jayinning ortidan ergashdi.

Aliboy ota g‘o‘zapoya bosilgan pastlikka yugurib tushdi. Shunday g‘o‘zapoyadan bir bog‘ olaman, deganida, allaqanday hayvon tishining taraklashini eshitdi. Aliboy otaning badanidan sovuq ter chiqib ketdi. Qarasa, undan uch metr narida kulrang bo‘ri turibdi.

Aliboy ota nima qilarini bilmay, serrayib qoldi. Shu payt qattiq vovullagancha To‘rtko‘z yordamga yetib keldi. Aliboy ota bu daldadan hushiga keldi. Va nihoyatda ehtiyotkorlik bilan ortga chekina boshladi.

Kulrang bo‘ri beparvolik bilan kichkina To‘rtko‘zga qarab turardi. Aqlli jonivor egasining xavfsiz joyda ekanligini bilgach, o‘ziyam chopqillagancha ortiga qaytdi.

– It vafodor, degan naql behudaga aytilmagan. Bo‘yi to‘rt qarich kelmaydigan kuchukchang jonini xatarga qo‘yib menga yordamga shoshildi-ya, – erkaladi otasi To‘rtko‘zni.

Bola to‘rt oyoqli do‘stining tarbiyasi bilan jiddiy shug‘ullandi. Otib yuborilgan koptok yoki tayoqchani tezlik bilan olib kelish, qo‘l berib ko‘rishish... To‘rtko‘z barcha buyruqlarni bir marta aytilgandayoq bajarardi.

 

Davomi

 

Abdurahmon JO‘RAYEV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.