Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Aqilli bo‘lishni istagan Charli yoxud 32 yoshli bolakay

Kitobxon do‘stlar, mana “12 oy – 12 kitob” loyihasining navbatdagi soniga ham yetib keldik. Shu kungacha birgalikda sarguzashtni sevadigan, qiyin bolalikni boshidan kechirgan va g‘ayrioddiy qobiliyatga ega qahramonlar bilan tanishdik. Keling, endi biroz jiddiyroq, chuqur mulohaza va fikrlashga undaydigan asarlar bilan ham tanishamiz. Ishonavering, navbatdagi kitob ham, albatta, sizga yoqadi.  

Biror ish qilishni istaysiz, lekin erinchoqligingiz, boshqa yumushlaringiz borligi, atrofdagilarning ta’siri sabab u ortga surilib ketaveradi. Biroq bu omillarni yengib o‘tish va maqsadga erishish mumkin. Tasavvur qiling, istagingizni amalga oshirish uchun jismoniy tomondan zaifligingiz yoki imkoniyatingiz cheklangani xalal bersa, nima bo‘lar edi?  

Bu galgi asarimiz qahramoni Charli Gordonda ham xuddi shunday holat yuz bergan. Deniyel Kizning “Eljernonga atalgan gullar” ilmiy-fantastik hikoyasi 1959-yil “Fentezi va ilmiy fantastika” jurnalining aprel sonida bosilgan. Yozuvchi eng yaxshi ilmiy-fantastik qisqa hikoya uchun “Hyugo” mukofotini ol­gan. So‘ng muallifda roman yozish g‘oyasi paydo bo‘lgan. Kiz 1957-yil aqli zaif bolalar maktabida dars berib yurganida undan bir o‘quvchi “Yaxshi o‘qib aqlli bo‘lsa, oddiy maktabga o‘tish mumkinmi?” deb so‘raydi. Shundan keyin yozuvchi asarga jiddiy kirishgan va bosh qahramonlarni yaratishda real hayotdagi insonlardan ilhomlangan. 1962-yildan 1965-yilgacha hikoya asosidagi roman ustida ishlaydi. Roman 1966-yilda nashr qilinadi.

Asar bosh qahramoni aqli zaif Charli Gordon 32 yosh bo‘lib, novvoyxonada farrosh bo‘lib ishlaydi, IQsi 68ga teng. Ota-onasi Charlini aqli zaif bolalar maktabiga qo‘yishmoqchi bo‘ladi, lekin amakisi uni novvoy do‘stiga shogirdlikka topshiradi. Maktabdagi o‘qituvchisi uni aqlni rivojlantirish bo‘yicha tajriba o‘tkazayotgan olimlar bilan uchrashtiradi. Charli aqlli bo‘lishni juda istagani sabab, olimlar tajriba o‘tkazishiga rozi bo‘ladi. Aynan shunday tajriba Eljernon ismli sichqonchada ham o‘tkazilgan edi. Charlida tajriba muvaffaqiyatli  o‘tadi va 3 oy ichida uning IQ darajasi 185ga chiqadi. Tajribadan oldin sichqoncha labirintdan chiqish musobaqasida doim g‘olib bo‘lardi, keyin esa Charli uni ortda qoldiradi. Bu ikki qahramon bir-biriga qattiq bog‘lanib qoladi. 

Hikoya Charli tilidan bo‘layotgan voqealar yuzasidan hisobot ko‘rinishida taqdim qilinadi. Uning aqliy qobiliyatlarining oshib borishi bilan matnda orfografik va punktuatsion xatolar yo‘qolib boradi. Charlining o‘rganish tezligi oddiy odamlarnikidan ancha yuqori bo‘ladi. Bir necha haftada u ko‘plab tillarni o‘rganib, klassik adabiyotni o‘qib chiqadi, bu uning shaxs bo‘lib shakllanishiga yordam beradi.

“Ongim past bo‘lganda do‘stlarim ko‘p edi. Hozir esa do‘stlarim yo‘q. Mening rosa ko‘p tanishlarim bor, lekin ularning ichida hech biri menga qadrli emas va men ham ularni ortiq qiziqtirmayman”, deydi Charli. Chunki  aqlli bo‘lgani sari hayot shafqatsiz  ekanligini,  insonlar qanchalik soxta, o‘zidan boshqani o‘ylamasligini tushunib yetadi. Hattoki uning ustida  tajriba o‘tkazgan olimlar Nemur va Shtraus uni oddiy hayvon sifatida ko‘rganini bilib qoladi. Olimlar ham u bilan 1 daqiqadan or­tiq gaplasholmay qo­ladi, chunki Charli ular­ga bilimsiz va ikki­yuzlamachi ekan­liklarini bildirib qo‘yardi. Zaif paytidagi yaqinlari ham undan voz kechadi, sababi u endi “jinni” Charli emas, uning ustidan bemalol kulib bo‘lmasdi. Charli ilgari do‘stlari uni qanchalar aldaganini, ustidan kulganini, azoblaganini eslab qattiq stressga tushadi. Kitobni o‘qir ekansiz, xotiralar qanchalik muhim ekanligini tushib yetasiz. Charli shunchalar yolg‘izlanib qoladiki, zaif paytidagi holatiga qaytishni xohlab qoladi. 

Asarni o‘qigach insonlar bilan uning mansabi, aqli, puliga qarab munosabatda bo‘lish xatoligini tushunib yetasiz. Bu asar Amerika maktablarida majburiy o‘quv dasturiga kiritilgani bejiz emas. Kitobni o‘qigach, “Eljernonga atalgan gullar” eng sevimli asaringizdan biriga aylanishiga ishonamiz. Asarni mutolaa qilib, savollarga javob topishni va bizning telegramdagi @GulxanBilimdon manzilimizga yuborishni unutmang!

 

Savollar:

1.  “Inson o‘zidan nega nafratlana bosh­lashining sababini topdim. Noto‘g‘ri yo‘ldan yurayotganini bila turib, yo‘lida davom etaversa...” Bu fikrlar kimga tegishli?

2.  Charli tuzala boshlagach qaysi qarin­doshlarining yoniga boradi?

3.  “Uning asosiy tashvishi – insonlarning o‘zi haqidagi fikri”. Asardagi ushbu ta’rif kimga nisbatan ishlatilgan?

4.  Charli nima sababdan ishxonasidagi Jimpini yomon ko‘rib qoladi?

5.  Agar siz yozuvchining o‘rnida bo‘lga­nin­gizda asar yakunini qanday tugatardingiz?

 

Shahribonu RAHMATOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.