Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

G‘oliblar taqdirlandi

Jurnalimizning 9-sonida ma’lum qilganimizdek, maktab o‘quvchilari uchun O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi hamda respublika bolalar va o‘smirlar nashrlari hamkorligida “Yozgi ta’tilni Milliy tiklanish bilan” loyihasi doirasida o‘tkazilgan insholar tanlovining g‘oliblarini aniqlash bosqichi yakuniga yetdi. Tanlov boshida e’lon qilinganidek, g‘oliblar O‘zbekiston Respublikasi Oliy majlisi Qonunchilik palatasi binosida mukofotlandilar. G‘oliblar “Aqlli soat” hamda sertifikat bilan taqdirlandi. Shuningdek, ular “Gulxan”, “G‘uncha” jurnallari, “Tong yulduzi”, “Klass” va “Milliy tiklanish” gazetasiga bepul obuna qilindi. G‘oliblarning ustozlariga ham “Minnatdorlik” yorlig‘i va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Tanlov g‘oliblarini partiya Markaziy kengashi raisi Alisher Qodirov hamda kengash a’zolari tabrikladilar. – Bunday tanlovlar o‘quvchi yoshlarda Vatanga muhabbat, milliy qadriyat va an’analarga hurmat tuyg‘usini oshirish, siyosiy-huquqiy bilimlarini boyitish, yozma nutqni rivojlantirish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik hissini uyg‘otishda muhim ahamiyatga ega.

Tanlovda umumta’lim maktablari bilan bir qatorda Prezident maktablari, ijod maktablari, ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari o‘quvchilari ham o‘z ijodiy ishlari bilan ishtirok etdi. Partiyaning elektron botiga 7 mingdan ziyod insholar kelib  tushdi. Ijodiy ishlar taniqli jurnalistlar, yozuvchilar, adabiyotshunoslardan iborat ekspertlar guruhi tomonidan ko‘rib chiqildi. “Kamalak” bolalar tashkiloti a’zolari ekspert sifatida jalb etildi.

–  Kitob o‘qimagan odam muvaffaqiyatga erisha olmaydi, kelajakda o‘z yo‘lini topa olmaydi. Ilmsizlik bilan rivojlana olmaymiz. Men ishonaman, bugungi tanlov g‘oliblarimiz orasida ertaga dunyo ilm-fani rivojiga katta hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning davomchilari yetishib chiqadi, – dedi A.Qodirov.

Baholash quyidagi mezonlar orqali amalga oshirildi: muallifning savodxonlik darajasi, inshoda foydalanilgan manbalar, ma’lumotlarning asosliligi, inshoning kreativligi va mantiqiy izchilligi, inshoning hayotiyligi va xalqchilligi, tilining sodda va tushunarliligi.

G‘oliblikka nomzodlar hamkor tashkilot vakillaridan iborat hay’at a’zolari tomonidan saralanib, har bir yo‘nalishdan kamida uch nafar g‘oliblik uchun nomzodning ijodiy ishlari partiyaning rasmiy telegram kanali orqali e’lon qilindi va ular ovoz berish yo‘li bilan aniqlandi.

Taqdirlash marosimidan so‘ng barcha ishtirokchilar O‘zbekiston respublikasi Oliy majlis qonunchilik palatasi binosi bo‘ylab sayohat qildilar. Bino muzeyi, kutubxonasi hamda katta majlislar zalini ko‘rib, bir olam taassurot oldilar. 

 

(Golib insholarni jurnal imkoniyatiga moslab, juz’iy qisqartirishlar bilan e’tiboringizga havola qilyapmiz.)

O‘zbek tilim – o‘zligim

Xalqning Vatani, davlati kabi yana bir buyuk, ehtimolki birlamchi boyligi bor. Bu – uning tili. Aynan til odamlar guruhini bir millat sifatida biriktiradi, ya’ni xalqni xalq, millatni – millat qiladi. Til millatning ma’naviy boyligidir. Til nafaqat muomala vositasi, balki xalqning madaniyati, urf-odati, turmush tarzi, tarixidir. Jamiki ezgu fazilatlar  inson qalbiga, avvalo, ona allasi, ona tilining betakror jozibasi  bilan singadi.

O‘zbek tili dunyodagi qadimiy, go‘zal, boy tillardan biri hisoblanadi. Tilning beqiyos imkoniyatlarini qadimgi toshbitiklarida, xalqimizning zamonlar sinovidan o‘tib kelayotgan maqol va hikmatlarda, betakror iboralarda ko‘rishimiz mumkin. Mahmud Qoshg‘ariyning “Devoni lug‘ati – turk”, Ahmad Yassaviyning hikmatlari, Alisher Navoiyning “Xamsa”si, Zahiriddin Muham­mad Boburning “Boburnoma”si, Abdulla Qodiriyning romanlari, Cho‘lpon, Muhammad Yusuflarning she’riyati ona tilimizda yozilgan durdonalardir.

 

Qodiriyning qalamidan to‘kilgan dard,

Muhabbatin e’zozlagan yuqtirmay gard.

Otabek va Kumushbibi bag‘ringda mard,

Ona tilim, ezgu tilim tilagisan.

 

“O‘zbek tilining bugungi darajasi, turkiy tillar ichida tutgan mavqeyi uchun biz ko‘p jihatdan o‘tgan asr boshida yashagan ziyolilardan minnatdor bo‘lishimiz kerak. Ular o‘zbek tilining so‘z yasash imkoniyatlaridan dadillik bilan foydalandilar, xalqda milliy g‘urur, ona tiliga hurmat tuyg‘usini tarbiya qildilar”, – degan ekan shoirimiz Erkin Vohidov. Hazrat Alisher Navoiy til haqida shunday yozadilar:

“Ko‘ngil xazinasining qulfi tildir, ul xazinaning kalitin so‘z bil”.

O‘zbekiston Respublikasining davlat tili haqidagi qonuni 1989-yil 21-oktyabrda qabul qilindi. Mustaqillik sharofati bilan o‘zbek tili – davlat tiliga e’tibor kuchaydi va ona tilimizning ijtimoiy mavqeyi kengaydi. O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi o‘zbek adabiyotining jahon so‘z san’atidan o‘z munosib o‘rnini egallashi buyuk Navoiy orzularining ushalishi hisoblanadi.

 

Navoiyga navo bo‘lgan sehrdirsan,

Go‘zal Xamsam qomatiga beshikdirsan.

Mustaqillik maydonimga eshikdirsan,

Ona tilim, ezgu tilim, tilagimsan.

 

Agar o‘shanda til to‘g‘risida qonun qabul qilinmaganida edi, o‘zbek tili ham tarix sahifalaridan joy olmagan bo‘larmidi? “Davlat tili haqida”gi qonun ona tilimizning bor go‘zalligi va jozibasini to‘la namoyon etish bilan birga uni ilmiy asosda rivojlantirish borasida keng imkoniyatlar yaratdi.

Davlatimiz rahbarining BMT assambliyasi 75-ses­si­ya­sida tarixda ilk marotaba o‘zbek tilida nutq so‘zlashi bar­chamizning qalbimizni g‘u­rurga to‘l­dirdi.

 

 

 

 

 

Davlat tilim borligi bu baxtimdir,

Mustaqil yurt egasimiz, taxtimdir.

Olamga yuz tutayotgan tilimning

BMTda yangragani faxrimdir.

 

O‘zbekistonda garchi davlat tili sifatida o‘zbek tili ko‘rsatilgan bo‘lsa-da boshqa millatlarning nafaqat tili, balki urf-odatlari ham hurmat qilinadi. Zero, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, o‘z tilini hurmat qilgan, boshqalarning ona tiliga ham chuqur hurmat bilan qaraydi.

Ona tili – millatning ruhidir. Biz ona tilimiz orqali xalqlar, millat va elatlar orasida hamisha aziz-u mukarram ekanligimizni aslo unutmasligimiz kerak.

O‘zbekona lutf, muomala, milliy qadriyatlar odob-axloq esa madaniyatimiz kalitidir.

Tongdek orombaxsh, quyoshdek nurli, ona og‘ushidek issiq, bahordek tarovatli, yozdek haroratli, kuzdek saxovatli, qish qorlaridek beg‘ubor tuyg‘ularimizning tarjimoni bo‘lgan, millatimiz ruhini ifoda etuvchi ona tilimiz bizni yuksak ma’naviyatga, ma’rifatga, madaniyatga, istiqlol-u istiqbolga yetaklovchi bebaho ne’matdir. Shu bois ham har birimiz ona tilimizni asrab avaylashimiz, e’zozlashimiz lozim. Zotan, tilimizga e’tiborli bo‘lsak, millatimiz qalbi – ona tilimiz hech qachon zavol topmaydi.

O‘z ona tilimizga bo‘lgan muhabbatni xalqimizning, odamlarning samimiy suh­batlarida, yuksak axloqiy fazilatlarida ko‘rib, beixtiyor shunday el farzandi ekanligimdan faxrlanaman! 

 

Sabohat JUMANAZAROVA,

Xorazm viloyati Urganch tumanidagi

 1-maktabning 10-sinf o‘quvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.