Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Inshosevar g‘oliblar

Har yili an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan O‘zbekiston xalq yozuvchisi, bolalarning sevimli adibi Xudoyberdi To‘xtaboyev xotirasiga bag‘ishlangan IV Respublika insholar tanlovi 2023-yilning dekabr oyida start oldi. Yoshlarning dunyoqarashini kengaytirish, ular orasida bolalar adabiyotini keng targ‘ib qilish hamda kitobxonlikni rivojlantirish, o‘quvchilardagi insho yozish ko‘nikmasini oshirish maqsadida Respublika “Kamalak” bolalar tashkiloti Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi va “Gulxan” jurnali tahririyati bilan hamkorlikda ushbu tanlov e’lon qilingandi. Bellashuvda yurtimizning  ko‘plab umumta’lim maktablaridan kitobxon o‘quvchilar, inshosevar o‘g‘il-qizlarning ijodiy namunalari kelib tushdi. Ular orasidan eng kuchlilarning ijod mahsullari saralab olindi.

Jumladan, 10-14 yosh toifasi bo‘yicha 1-o‘rinni Farg‘ona viloyati Yozyovon tumani 36-maktabning 7-sinf o‘quvchisi Nasibaxon Islomova, 2-o‘rinni Andijon viloyati Paxtaobod tumani 19-maktabning 8-sinf o‘quvchisi Muslimaxon Nazarova va 3-o‘rinni Navoiy viloyati Konimex tumani 10-maktab 5-sinf o‘quvchisi Madina Babakulova egalladi. “Xudoyberdi To‘xtaboyevni eng yaxshi e’tirof etgan insho” nominatsiyasi g‘olibi esa Navoiy viloyati Zarafshon shahri 11-maktab internati 9-sinf o‘quvchisi Zarina Usmonova deb topildi.

      Shuningdek, 15-18 yosh toifasi bo‘yicha:

      1-o‘rin — Lochinbek O‘sarov, Jizzax viloyati Jizzax shahri 1-sonli ixtisoslashtirilgan maktabning 9-“V” sinf o‘quvchisi;

2-o‘rin — Maftuna Temirova, Qashqadaryo viloyati Qarshi shahri 23-maktabning 9-“A” sinf o’quvchisi;

3-o‘rin — Shahlo Husanboyeva, Farg‘ona viloyati Rishton tumani Rishton ixtisoslashtirilgan maktabining 10-sinf o‘quvchisi.

Nominatsiya g‘olibi — E’zozxon Xolmo‘minova, Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani 15-maktabning 11-sinf o‘quvchisi.

Biz doimo Xudoyberdi To‘xtaboyev asarlarining ixlosmandlari ortib borayotganidan xursand bo‘lamiz. Jurnal imkoniyatidan kelib chiqib, sizga ikki yosh toifasidagi 1-o‘rin sohiblarining insholaridan qisqacha satrlarni e’tiboringizga havola etmoqdamiz.

 

***

...Bobojonimiz bizga oddiy asarlar emas, farovon hayotning sirlarini meros qilib qoldirganlar. “Quyonlar saltanati” romani ham shular jumlasidandir. Aziz tengdoshlarim, agar siz bu romanni o‘qimagan bo‘lsangiz, albatta, uni o‘qib chiqing. Chunki unda ikki o‘spirin yigitning orzu-maqsadlari, atrofidagilarning to‘siqlariga qaramasdan tushkunlikka tushmay, umidini uzmay, niyatida qat’iy turib, o‘z yo‘lida davom etishi, sarguzashtlarga boy hayoti va taqdiri aks etgan. Darvoqe, bu ikki do‘st – Egamberdi va Karimberdi boshqalarga o‘xshamasdi, chunki ulardagi mardlik, jasurlik, qat’iyatlilik, tavakkal qilishdan qo‘rqmaslik, uddaburonlik, jonkuyarlik va o‘ziga bo‘lgan ishonch hammada ham bo‘lavermaydi. Ular mana shunday noyob fazilatlarga do‘st tutingani tufayli oxir-oqibat o‘z maqsadlariga yetishdi. Axir, mashaqqat bilan qilingan ish mukofotsiz qolmaydi-ku! Asosiysi, ular shunchaki ishlashmadi, ular mehnat qilishdi, tirishishdi, ter to‘kishdi. Aytgancha, ularning maqsadi aslida nima edi? Men bu asarni diqqat bilan o‘qib, shuni angladimki, Egamberdi va Karimberdi bir maqsadning orqasidan borib, o‘zlari bilmagan holda ko‘plab boshqa niyatlariga ham yetdilar. Shunday ekan, asarni o‘qish davomida bu yigitlarga ham achingan, ham havas qilgan bo‘ldim. Ba’zi voqealardan so‘ng men ularning o‘rnida bo‘lib qolishni istadim. Chunki ular orzu qilishdan qo‘rqmas va bundan hech to‘xtamas edilar. Hattoki, quyonlarga mehri tufayli ularni ko‘paytirishni xohlashdi, o‘z harakatlari sababli kutilganidan ko‘ra ziyoda natijaga erishib, bor-yo‘g‘i o‘n besh yoshda millionerga aylanishdi...

 

Nasibaxon ISLOMOVA,

Farg‘ona viloyati Yozyovon tumani 36-maktabning 7-sinf o‘quvchisi

 

***

...Men yaqinda Xudoyberdi To‘xtaboyevning “Besh bolali yigitcha” romanini mutolaa qildim. Bu roman insoniylik hislariga yo‘g‘irilgan asar, deyishga loyiq. Chunki unda mehr-oqibatli, bir-biriga g‘amxo‘r, ko‘ngli ochiq insonlar talay. Ayniqsa, Orifjon. Orifjon xususida keyinroq to‘xtalaman. Bolalarning hayot yo‘li, voqea-hodisalar zamirida insoniy fazilatlar har qadamda uchrashini his qildim. Kitobni yana va yana mutolaa qilging  kelaveradi.

Xudoyberdi To‘xtaboyev obrazlar kechinmasini insoniylikka qorishtirgan. Bu ham Alloh taoloning marhamati bo‘lsa kerak-da! Bu roman shunday xususiyatlari bilan mening qalbimdan joy olgan. Asarda yana insonparvarlik, mehr-oqibat, ota-ona va yaqinlarni qadrlash, mehnatsevarlik, qiyinchiliklarga bardosh berish kabi insoniy tuyg‘ular aks etgan. Bu asar aynan shu jihati bilan boshqalaridan farq qiladi. Asarda Mariya Povlovna, Roziq tog‘a, Parfi buva, Pakana buva, temiryo‘l vokzali qorovuli ham ko‘ngli pok insonlar sifatida tasvirlangan. Ularning umr yo‘llari shunday: doimo yaxshillik qilish. Buni men qayerdan bildim?

Bolalar uyidagi barcha tarbiyalanuvchilarga onadek bo‘lib qolgan Mariya Povlovna yo‘lda Orifjon va ukalarini uchratib uyiga olib ketib boqqan. Bolalarga o‘ttiz so‘m pul bergan Pakana buva, temiryo‘l qorovuli, doimo yordamini ayamaydigan Roziq tog‘alarining xatti-harakatlarida ko‘rish va sezish mumkin-ki, bizning xalqimiz juda ham mehr-oqibatli xalq. Adib o‘z asarida bu xususiyatlarni to‘laqonli ifodalay oldi, deb o‘ylayman. Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tmoqchimanki, bu romanni o‘qigan har qanday kitobxon, albatta, olam-olam taassurot olishiga ishonaman.

Mana endi Orifjonga to‘xtalamiz. Aziz kitobxon, bu romanni o‘qiganingizda, Orifjon mehr-oqibat, mardlik, g‘amxo‘rlik timsoli ekanligini sezgan bo‘lsangiz kerak. Buning isboti shundaki, asardagi asosiy urg‘u bolaning qalbi va Orifjonning oliyjanobligiga qaratilgan. Ukalari ichida Sulton uni qiynaydi, ular bilan ketmay qochib ketadi. Nailoj, boshqa aka-singillari juda yosh, ularni qo‘llab-quvvatlash uchun Orifjondek yo‘lboshchi kerak. Orifjon buni chin yurakdan his qiladi va uddalaydi.

Sevimli yozuvchim Xudoyberdi To‘xtaboyev chin ma’noda buyuk yozuvchi. Men yozuvchining o‘ndan ortiq asarlarini sevib mutolaa qilganman...

 

Lochinbek O‘SAROV, 

Jizzax shahridagi 1-ixtisoslashtirilgan maktabning 9-“V” sinf o‘quvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.