Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Logistika – zamonaviy kasb

Qadrli o‘quvchilar, sizning yoshingizda kasb tanlash, o‘z kelajagini rejalashtirish eng ko‘p o‘ylantiradigan masala, to’g’rimi?

Bugun ko’p narsaning yangi, yaxshi turlari paydo bo’layotgani kabi, zamon talabiga ko‘ra yangicha kasb turlari ham yuzaga kelmoqda.

Logistika sohasi O’zbekiston uchun ana shunday yangi tarmoqlarning biridir.

Bir so’z bilan aytganda, logistika – tovar va xizmatlarni A nuqtadan B nuqtaga yetkazib berish tizimidir. Bu tizim mahsulotni olish, qayta ishlash (kerak bo’lsa), tashish, saqlash va taqdim etish kabilarni o’z ichiga oladi.

Logistika markazlarida qilinadigan asosiy ishlar buyurtmalarni qabul qilish, qulay va tezkor transportni tashkil etish, omborlash, ta’minotlardan iborat.

Umuman olganda logist (logistika sohasi xodimi) – yuqorida sanab o’tilgan barcha ishlarni tashkil etishi kerak.

O’zbekistonda logist bo’lish uchun ingliz tilini bilish qat’iy talab etiladi. Boisi, mamlakatimizda logistika xizmatlari chet ellar, asosan, AQSh bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Ular bilan ishni to’g’ri va samarali tashkil etish uchun ham ingliz tili juda muhim.

Bundan tashqari, o’z ishiga puxtalik, tezkorlik va kirishuvchanlik  ham logist kasbi uchun zaruriy fazilatlardir.

Bu kasb yangi bo’lganligi, mutaxassislarga ehtiyoj yuqoriligi uchun yurtimizdagi ko’pchilik logistika markazlari ushbu soha kurslarini tashkil etishgan. Ingliz tilini biladigan, soha kurslarini tamomlagan yoshlarni logistika markazlari jon deb ishga qabul qiladi.

Yangi va qiziqarli bu kasb sizda ham qiziqish uyg’otgan bo’lsa, ajabmas.

 

Muhammadali PO‘LATOV

 

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.