Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Mahmudxoʻja Behbudiy

Buyuk ma’rifatparvar alloma, yozuvchi, dramaturg va jamoat arbobi Mahmudxo‘ja Behbudiy 1874-yilning 19-yanvarida Samarqand shahrida muftiy oilasida dunyoga keldi. Oiladagi muhit undagi ma’rifat, adabiyot va ijtimoiy hayotga bo‘lgan qiziqishning kuchayishiga, iste’dodining rangin qirralari bilan namoyon bo‘lishiga imkon tug‘dirdi.

U adabiyot, tarix, huquq va maorif qatori siyosatshunoslik bilan ham jiddiy shug‘ullandi. Gazeta-jurnallar orqali jahonda sodir bo‘layotgan ijtimoiy-siyosiy voqealar bilan yaqindan tanishib bordi. U Makkaga, muqaddas Haj amallarini ado etish uchun borishga chog‘lanarkan, arab tilini mukammal o‘rganadi; islom tarixi va nazariyasi bilan jiddiy shug‘ullanadi. U 1899-yili Hajga borib, u yerdan “Muftiy” unvoniga ega bo‘lib qaytdi.

Haj ziyoratidan so‘ng Misr va Istanbulda bo‘ldi. So‘ngra Qozon va Ufa shaharlarida bo‘lib, Yevropa madaniyati bilan ham qiziqdi.

1912-1913-yillarda Behbudiy Samarqandda “Samar­qand” gazetasi va “Oyina” jurnaliga asos soladi.

Behbudiy o‘zbek va fors-tojik tillarida o‘nlab asarlar, ikki yuzdan ortiq maqolalar yaratgan.

Uning 1901-yildan boshlab “Turkiston viloyati gazeti”, “Taraqqiy”, “Xurshid”, “Shuhrat”, “Tujjor”, “Osiyo”, “Hurriyat”, “Turon”, “Sadoyi Turkiston”, “Ulug‘ Turkiston”, “Najot”, “Mehnatkashlar tovushi”, “Tirik so‘z”, “Tarjimon”, “Sho‘ro”, “Vaqt”, “Toza hayot”, “Samarqand”, “Oyina” kabi gazeta va jurnallarda bosilgan maqolalari esa jamiyatning taraqqiyparvar qatlami kishilari, ayniqsa, yoshlarning diqqat-e’tiborini qozongan edi.

Behbudiyning xalq o‘rtasida ortib borayotgan obro‘-e’tibori nafaqat amirlikning, balki bolsheviklarning ham reja va niyatlariga zid edi. 1919-yilda xorij safariga chiqqan Behbudiy Qarshida ushlanib, Buxoro amiri Said Olimxon farmoni bilan qatl qilinadi.

1977-yili allomaning asarlaridan saralangan “Saylan­ma”si chop etildi, ular darslik va qo‘llanmalarga kiritildi, bir qator maktab, ko‘cha va mahallalar uning nomiga qo‘yildi.

Hozirgi kunda alloma qoldirgan boy va rang-barang adabiy, ma’rifiy meros xalqimizning istiqloliga xizmat qilmoqda.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.