Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Qamchibek Kenja

Qamchibek Kenja 1946-yili Andijon viloyatining Izboskan tumanida tugʻildi. Toshkent Davlat universiteti (hozirgi OʻzMU) ning avval jurnalistika, soʻng filologiya fakultetlarida tahsil oldi (1964–1969).

Mehnat faoliyatini “Oʻzbekiston madaniyati” (hozirgi “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati”) gazetasida boshlab (1969–1979), keyin Izboskan tumani “Paxtakor” gazetasida adabiy xodim, boʻlim mudiri boʻldi, maktablarda oʻqituvchilik qildi. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi nasr kengashida adabiy maslahatchi lavozimida faoliyat koʻrsatdi. 1985–2006-yillarda Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi Andijon viloyati boʻlimining masʼul kotibi boʻldi.

Qamchibek Kenja adabiyot dargohiga shoir sifatida kirib kelib, dastlab, “Sogʻinch” sheʼriy toʻplamini (1975) chop ettirdi. Adibning ikkinchi kitobi “Yashil barg” hikoyalar toʻplami esa 1977-yilda bosildi.

Shundan soʻng yozuvchining “Koʻngil koʻchalari” (1979), “Ishqing tushsa” (1981), “Orzumandlar” (1982), “Notanish gul” (1988), “Togʻ yoʻlidagi bir oqshom” (1987), “Sohildagi suv parisi” (1993), “Qizil gullar” (1995), “Kulgubaxsh umr” (1997), “Boburiylardan biri” (2000), “Baxt qushi yoki ushalgan orzular” (2001), “Xamir uchidan patir yoxud kulcha hikoyalar” (2005), ikki jildli “Saylanma” (2006–2007), “Andijondan Bogʻdodgacha” (2007), “Buyuklar izidan” (2006), “Sevinchlarim va kuyinchlarim” (2010), “Toshqin” (2010), “Koʻngil kechinmalari” (2011), “Palaxmon” (roman 2011) kabi 30 dan ortiq sheʼriy-nasriy va publitsistik kitoblari dunyoga keldi.

Qamchibek Kenja Bobur nomli xalqaro ekspeditsiya aʼzosi sifatida Boburiylar va boshqa buyuk ajdodlarimiz izidan Afgʻoniston, Eron, Pokiston, Hindiston, Bangladesh, Turkiya, Suriya, Iordaniya, Saudiya Arabistoni, Iroq kabi mamlakatlar boʻylab ijodiy safarlarda boʻldi. Ana shu safarlar taassurotlari asosida 10 ga yaqin hujjatli ommabop film, ssenariylarini yozdi.

Qamchibek Kenja tarjimon sifatida A. Pushkin, X. Xeyne, Sh. Petefe, V. Bryusov, M. Svetlov, V. Firsov, Nazrul Islom kabi xorijiy shoir, yozuvchilarning sheʼr va dostonlari, nasriy asarlarini oʻzbek tiliga oʻgirdi.

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Qamchibek Kenja 1998-yilda “Shuhrat” medali, 2004-yilda “Xalqaro Bobur mukofoti” bilan taqdirlandi.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.