Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

“Qutadg‘u blig”ni o‘rgana boshladim

Men Uchtepa tuma­nidagi 283-maktabning 5-sinfida o‘qiyman. Badiiy adabiyotga juda qiziqaman. Mak­tabimizdagi “Tug‘yon” ijodiy to‘garagiga a’zo­­­man. To‘garak rah­bari, maktabimiz targ‘ibotchisi Xursandoy Otaboyeva bizni ko‘plab ijodiy maskanlarga, teatr va muzeylarga olib boradilar.    Adiblar xiyobonida juma kunlari tashkil etiladigan “Xiyobon oqshomlari”da ham bir necha bor ishtirok etdik.  Yaqinda Xursandoy opamiz bizni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi muzeyiga olib bordilar. “Bunday maskanlarga qancha ko‘p kelsangiz, adabiyotni shunchalik chuqur o‘rganasiz”, – deydi opamiz. Muzeyni tomosha qilarkanmiz, bir eksponat diqqatimni tortdi.

Unda qadimiy turkiy tilda yozilgan bitiklar tepaga, yorug‘likka qarab joylashtirilgan edi. Muzey xodimasi Munira opa Ramazonovadan eksponat  haqida qiziqib so‘radik. Ular Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” kitobiga ishlangan ekspozitsiya ekanini aytib, asar haqida quyidagilarni so‘zlab berdi.

“Qutadg‘u bilig” – (“Saodatga yo‘l­lovchi bilim”) turkiy adabiyotning nodir namunasi. U 1069-70-yillarda yozilgan. Muallifning asar muqaddimasida xabar berishicha, bu kitob o‘z davrida juda mashhur bo‘lgan.

Chin (Shimoliy Xitoy)liklar uni “Adab ul-muluk” (“Hukmdorlar odobi”), mochin (Janubiy Xitoy)liklar, “Oyin ul-mamlakat” (“Hukmdorlik qonun-qoidalari”), Sharqiy xitoyliklar “Ziynat ul-umaro” (“Hukmdorlar ziynati”), eronliklar “Shohnomayi turkiy (“Turkiy “Shohnoma”), ba’zilar “Pandnomayi muluk” (“Hukmdorlar pandnomasi”), turonliklar esa  “Qutadg‘u bilig” deb ataganlar.

Bobokalonimiz bu kitobida podshoh, turli toifadagi odamlar, yoshlarni go‘zal axloqli bo‘lishga chorlaydi. “Qutadg‘u bilig”da to‘rt mavzu to‘rt obraz vositasida ochib berilgan: birinchisi adolat – podshoh Kuntug‘di timsolida, ikkinchisi davlat – vazir Oyto‘ldi, uchinchisi aql – vazirning o‘g‘li O‘gdulmish va qanoat – O‘zg‘urmish obrazida tasvirlanadi. Asar butun jahon bo‘ylab tarjima qilingan. Bu asar bugungi kunda Sharqshunoslik institutida saqlanmoqda ekan. Men tengdoshlarimga bunday muzeylarga borishlarini va shunday qiziqarli tarixiy kitoblarimizni o‘rganishlarini tavsiya qilaman.

“Qutadg‘u bilig”ning uch qo‘lyozma nusxasi bo‘lib, shulardan biri uyg‘ur yozuvida. U Vena saroy kutubxonasida saqlanadi. Arab yozuvida ko‘chirilgan ikki nusxadan biri Qohirada, ikkinchisi Namanganda (1913-yil topilgan)  saqlanadi. Asar 1925-yil Abdurauf Fitrat bobomiz sa’y-harakatlari bilan tabdil qilingan.

                  

 Muslima  O‘rinova,

 Toshkent shahar Uchtepa tumanidagi 283-maktabning 5-sinf o‘quvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.