Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Sadoqat, saodat, eʼtiqod bilan

Xalqimizning sevimli shoirasi, muhabbat va hayot kuychisi Zulfiyaxonim haqida  uning xizmatdoshlari, shogirdlari, u bilan bir safda yonma-yon yurgan, shoiraga zamondosh bo‘lgan taniqli shoir va yozuvchilarimiz ko‘plab xotiralar, maqola va she’rlar  yozishgan. Ayniqsa, shoiraning suyukli shogirdi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Muhtarama ULUG‘OVAning “Bahor keldi seni so‘roqlab” nomli kitobidagi  xotiralari  shoira Zulfiyaning go‘zal qalb olamini ochishga harakat qiladi.

O‘zbek xalqining g‘ururi va iftixoriga aylangan shoira Zulfiya Isroilovaning xotiralarida o‘zi­ning kelajagiga mustahkam tamal toshi qo‘ygan oilasi, ota-onalari ha­qida shunday gaplar bor:

Men yaxshi oilada o‘sdim, ota-onamning besh o‘g‘il, ikki qizlari bor edi. Lekin juda tez kamayib ketdik. Uyimizda katta-katta dasturxonday kitoblar bor edi. Onajonim  kechalari bizga kitob o‘qib berardilar. Kechqurunlari uyimizga qo‘ni-qo‘shnilar chiqishardi. Onam ularga ham kitob o‘qib berardilar. O‘n ikki-o‘n uch yoshimdan boshlab onajonim o‘zlari bilib-bilmagan holda meni adabiyot olamiga olib kirgan ekanlar, ilk ustozim onajonim bo‘ladilar. “O‘tkan kunlar” kitobi yangicha isloh qilingan yozuvda chiqdi, uniyam o‘qirdilar. Xullas, kitoblar olamida katta bo‘ldim. Bir paytlar shunday bo‘ldiki, “Bular diniy kitoblar”, deb ajoyib kitoblarni yondirish boshlandi. Lekin onam ularni saqlab qoldilar. Yostiqlarining tagiga, ichiga qo‘yib yashirdilar... Xullas, aqlimni kitoblar olamida tanidim.

O‘tgan asrning 70-80-90-yillarida jurnalistik faoliyatim yuzasidan respublikamizning uzoq-yaqin qishloqlarida safarda bo‘lganimda, yoshi bir asrga qarab ketayotgan keksalar ham Zulfiya opani, u kishining sog‘-salomatliklari, farzandlari haqida so‘rashardi. Qizlar esa Zulfiya opani "bir ko‘rmoqni orzu qilardilar”. Zero, o‘zbek adabiyotining bu suyuk siymosi butun umri davomida xalq-u Vatanini ardoqlab, o‘zlari ham shunga munosib – yurt-u elning e’zozida yashab o‘tdilar. Men bu quyosh nuri kabi haqiqatga yana biror yangilik qo‘shmog‘im mushkul...

– Men onamning kenjasi edim. Onam ovozlarini sira ko‘tarmas edilar. Men ularni tinglayotganimda pok, orombaxsh bir olamga kirganday his etardim, o‘zimni. O‘sha ovoz, endi bilsam, meni dunyo kengliklariga boshlagan so‘qmoq ekan. Agar iste’dodim bor bo‘lgan esa, uning chashmasi – onamdan.  Men juda yaxshi muhitda yashadim. She’riyatga endi kirib kelganimda, shoira va olima Muzayyana Alaviya menga murabbiy, hamroh va hamfikr bo‘ldilar. U kishi juda madaniyatli, bag‘rikeng ayol edilar. Undan so‘ng Oydin opam Sobirova doimiy g‘amxo‘rlik qildilar. Hozir 20-22 yoshlilar boshlovchi shoirlar hisoblanadi. Lekin o‘sha 1930-yillarda G‘afur G‘ulom, Hamid Olimjon katta shoirlar edilar. G‘.G‘ulom, Mirtemir, H.Olimjon, Uyg‘un, Maqsud Shayxzoda menga juda yaqin ijodkorlar edi. Keyinchalik ularning safiga Usmon Nosir, Amin Umariylar qo‘shildi...

1932-yilda Zulfiyaning “Hayot varaqlari” nomli ilk she’riy to‘plami o‘quvchilarga taqdim etildi.

– 1932-yil... Bu sana men­ga yosh va o‘tli, shiddatli bo‘lib ko‘rinaveradi. Balki o‘sha paytdagi tuyg‘ularim, kechinmalarim bilan bog‘liqdir?.. Shoir so‘z tanlashda xato qilsa, uning fikrlari ham xato gapira boshlaydi. Vaholanki, qanday boy xazina, so‘zlar javohiri xazinasi bizga muntazir bo‘lib turibdi! She’r odamning tashqi olamdan olgan taassurotlari bilan yuragidagi his-tuyg‘ularining qorishig‘i mevasi. Agar yuragingda ezgulik bo‘lsa, ezgulik, aksincha, riyo bo‘lsa, riyo tug‘iladi!

Ozarbayjon  respublikasining Naxichevan tumanida Zulfiya opaning nomini sharaflab ota-onalari bir qizaloqqa Zulfiya deb ism berishgan va xatlar yozib turishardi. Zulfiya opa qizaloqqa atlas ko‘ylakchalar tiktirib yuborardilar. Kichkina Zulfiyaning tug‘ilgan kunlarini sovg‘asiz qoldirmas edilar. Eng ajablanarlisi shuki, juda muhim, katta ishlar orasida ham bu qizchani yo‘qlashga juda kuyunchaklik bilan kirishardilar.

“Saodat” jurnali tahririyatiga – Zulfiya opa nomlariga har kuni o‘nlab, hatto yuzlab xatlar kelardi. Ular bilan tanishib, javob yozmoqqa ishxonada vaqtlari yetishmaganligi sababli uylariga  ham olib ketardilar. Xatlarga o‘zlari yoki birorta ishonchli xodimga tayinlab javob yo‘llamaguncha ko‘ngillari tinchimasdi. Aslida esa bu olijanob insonning mehridan, mehribonligidan panoh izlab umidvor bo‘lib kelganlar, maktub yo‘llaganlar juda ko‘p edi.

Zulfiya opa ijodkor, arbob sifatida juda ko‘p mamlakatlarda bo‘ldilar. Lekin men u kishining biron-bir davlatni qaysidir jihatlardan o‘z ona-Vatanimizdan ustun qo‘yib, afzal ko‘rib gapirganlarini eslolmayman. O‘sha davrlarda qayerda bo‘lmasinlar, o‘zbek millatini tanigan-u tanimagan xalqlar orasida mag‘rur qalb va o‘ktam qad bilan yurtimizga, elimizga nisbatan muhabbat, havas uyg‘ota oldilar. Shoira butun e’tiqodi, sadoqati, saodati bilan O‘zbekistonni sevdi, shu ona zamindan kuch-quvvat, ilhom, harorat oldi.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.