Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Tilak Jo‘ra

Hassos shoir, tarjimon va adabiyotshunos olim Tilak Jo‘ra o‘tgan asrning 70-yillarida adabiyotga kirib keldi. U qisqa, ammo sermazmun umr kechirdi: yorqin, haroratli she’rlari bilan kitobxonlar hurmatiga sazovor bo‘ldi.

Tilak Jo‘ra 1947-yilda Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanidagi Sayyod qishlog‘ida tug‘ildi. 1956-1966-yillarda o‘rta maktabda, 1966-1972-yillarda hozirgi Milliy universitetning jurnalistika fakultetida o‘qidi. 1978-1981-yillarda aspiranturada tahsil oldi. 1970-yildan umrining oxiriga qadar universitetning “Tarjima nazariyasi” kafedrasida talabalarga tarjima ilmidan saboq berdi. 1986-yilda filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya yoqladi.

Shoirdan “Rayhon” (1977), “Olam ostonasi” (1980), “Yulduzlar tabassumi” (1981), “Chorrahadagi uy” (1983), “Sanduvoch” (1983), “Ruhiyat” (1990), “Saraton” (1991) nomli yetti she’riy kitob qoldi. Rus, turk, ozarbayjon, arman, fransuz she’riyatidan qilgan tarjimalari, “Hozirgi kun she’riyati”, “Nozim Hikmat va O‘zbekiston” singari ilmiy asarlari bosilib chiqdi.

“Meni quvontirgan narsa shuki, Tilak Jo‘raning “San­duvoch” to‘plamidagi aksariyat she’rlar tavsif, bayonchilik, tantanavorlikdan yiroq. Bunday shoirlar odatda o‘z qalbiga yashirinish, o‘z xayol va hissiyotlaridan huzurlanishni yoqtirishadi. Ular “Bu yorug‘ dunyoda Alamlar bekinar, Armonlar bekinar, Darmonlar bekinar”, ammo Yurak bekinmasligi kerak, deb bilishadi. Chunki Yurak – Vatan. Vatanda yashirinish mumkin. Biroq Vatanni yashirib bo‘lmaydi. Tilak Jo‘ra ham ustoz Mirtemir izidan borgan, o‘zbaki yuragini tirnagan shoir. Uning she’rlariga Yurak ovozi samimiyat bag‘ishlab turadi”, deya shoir ijodiga samimiy baho bergan edi filologiya fanlari nomzodi Ibrohim Haqqul.

Tilak Jo‘ra o‘z ijodida tabiat manzaralarini, mehridaryo, halol, mehnatkash qishloq odamlarining o‘y-kechinmalarini, orzu-umidlarini ehtirosli misralarda, yorqin timsollarda aks ettirdi.

Iste’dodli shoir 1994-yilda vafot etdi.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.