Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Zulfiya Mo‘minova

Zulfiya Mo‘minova 1959-yili Samarqand viloyatining Narpay tumanida tug‘ilgan. “Qishlog‘imiz Qoratov  tog‘ining yon bag‘rida joylashgan bag‘oyat so‘lim va go‘zal  tabiatli, – deb yozadi u o‘z tarjimayi  holida. – Bu yerda xalq og‘zaki ijodini, xususan, ertak, afsona va dostonlarni suv qilib ichib yuborgan, ularni soatlab ijro etadigan odamlar yashaydi. Shular qatori rahmatli bobomni Mo‘min oqin deb atashardi. Bobom bir necha soatlab, hatto kunlab dostonlar aytgan. Oradan yillar o‘tdi, xalq qo‘shiqlariga bo‘lgan havas, ixlos, mehr qalbimda she’rga bo‘lgan adoqsiz intilish urug‘ini undirdi...”

Shoira ToshDU (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning filologiya fakultetida tahsil oldi. “Saodat” jurnalida, O‘zbekiston radio qo‘mitasida muharrir bo‘lib ishladi. Adabiyotga o‘tgan asrning 80-yillarida kirib kelgan Zulfiya Mo‘minovaning 1988-yilda bir yo‘la ikki kitobi – “Vatan tashlab ketmaydi”,  “Beshiklarni asragin, dunyo” she’riy majmualari chop etildi. Bu majmualar kitobxonga ham, adabiy jamoatchilikka ham manzur bo‘ldi.

Shoira go‘zallik va hurlikdan, iboli ayollardan, mehribon-mushfiq onalardan, tabiat jamolidan, ma’nan va axloqan to‘kis odamlardan ilhomlanadi. Ayni chog‘da yomonlikdan, qing‘ir fe’l-atvorli odamlardan nafratlanadi.

Zulfiya Mo‘minovaning keyingi yillardagi ijodiy izlanishlari samarasi sifatida yaratilgan “Azizam, baxtiyorman” (1997), “G‘ijduvon oboddir, G‘ijduvoniy hayot” (1999), “Surxonning muhtarama ayollari” (2009), “Birinchi o‘qituvchim” (2009) nomli kitoblari chop etildi.

Shoira “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi”  unvoni bilan taqdirlangan, “Do‘stlik” ordeni sovrindori.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.