Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Sinfdoshlar ahil boʻlmasa

(1-sondagi “buvim adashdimi” maqolasini oʻqib)

Maqolada juda dolzarb mavzu ko‘tarilgan. Chindan ham o‘g‘il bola bilan qiz bolaning do‘stligini ko‘pchilik oilalar yoqlamaydi. Bunday hodisalar deyarli barcha maktablarda uchrab turadi. Balki, Zuhra o‘z xatti-harakatlari bilan onasining ko‘ngliga tashvish solgandir. Lekin nima bo‘lgan taqdirda ham men qizaloqning onasi qiziga nisbatan o‘ta qattiqqo‘lik qilgan, deb o‘ylayman. Maktabning eng jamoatchi, faol o‘quvchisi bo‘lgan Zuhra bunday tazyiqdan keyin qanday ahvolga tushadi? Avvalo, sinfdoshlarni bir-biriga qarshi qo‘yishning o‘zi noto‘g‘ri. Chunki bunday qarash bo‘lgan sinfda ahillik bo‘lmaydi. Pedagoglar tili bilan aytganda, sifat o‘sishi ham, o‘zlashtirish ham kutilgan natijani bermaydi. Sinf rahbariga ham ular bilan ishlash og‘ir kechadi.

Bu tushunmovchilikning oldini olishda endi o‘quvchiga sinf rahbari yordamga kelishi, ularga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsata bilishi kerak. Oradagi noqulayliklarni, tushunmovchiliklarni bartaraf qila oladigan jamoaviy o‘yinlar, bilimlar bellashuvlari tashkil qilishi kerak. Bu sinfdoshlar do‘stligini ta’minlovchi eng to‘g‘ri usul. Chunki bellashuvga tayyorlanish, reja, savollar tuzish, javob topish jarayonida bolalar bir-birlarini yaxshiroq anglab yetadilar.

O‘rni kelganda ana shu mavzuda ota-onalar bilan ham suhbatlashib olish kerak. Ehtimol, 9-10-sinflarda Zuhraning onasidek qattiqqo‘l bo‘lish ham kerak bo‘lar. Ammo bu ham sinfdoshlariga nisbatan emas. Aziz haq, ular bolalikdan birga katta bo‘lishyapti. Bir-birlarini yaxshi bilishadi. Ona sinfdoshlarning bir-biriga bo‘lgan munosabatini boshqacha tushunishi farzandining ko‘nglini sinishi, kelajakka ishonchsizlik bilan qarashiga olib keladi.

 

Robiya Tolibova,

Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi

7-umumta’lim maktabining o‘qituvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.