Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Yodingizda bo‘lsa, jurnalimizning avvalgi sonlarida she’r, hikoya yozishga qiziqqan havaskor qalamkashlarga “Hikoya qanday yoziladi?”, “She’riyat saboqlari” haqida ustoz ijodkorlarning tavsiyalarini e’lon qilgan edik.

Yaqinda taniqli ijodkor Kavsar Turdiyevaning “Nishonaning nishonalari” deb nomlangan kitobi bilan tanishib chiqdik. Adabiyot va ijod haqida ma’rifiy saboqlardan iborat bo‘lgan bu kitob “Gulxan”ning yosh ijodkorlari uchun ham kichik qo‘llanma vazifasini o‘tashiga ishonch hosil qildik. Ushbu saboqlar bilan tanishgach, o‘quvchilarning badiiyat, uning vositalari haqidagi bilimlari ortishiga umid qilamiz.

Badiiylik asardagi barcha badiiy tasviriy vositalarning asar mazmuniga mos kelishidan iborat. Badiiy tasviriy vositalar haqida yanada yaqqol tasavvurga ega bo‘lish uchun o‘quvchilarga bir ertak taqdim qilmoqchimiz.

ERTAK

Alisher degan bola adabiyot fanini juda yomon ko‘rar ekan. Adabiyot darslarida goh to‘polon qilib o‘tirar, goh qatnashmaslikka ham urinar ekan. Bir kuni adabiyot o‘qituvchisi sinfga kirib, bolalarga mug‘ombirona jilmayib qo‘yibdi. “Bugun biz, – debdi u, – adabiyot degan mamlakatga sayohat qilamiz. U mamlakat juda katta bo‘lib, har biringiz boshqargan raketa uning turli burchagiga qo‘nishi mumkin. Shuning uchun siz bir-biringizni ko‘rmasligingiz tabiiy. Xayoliy skafandrlarni kiyib, xayoliy raketalarga o‘tirasiz va birga “Adabiyot” mamlakati tomon uchamiz.

Alisher ko‘zini ochib yumguncha o‘qituvchisi allaqanday sehrli so‘zlarni aytibdi-da, birdan hammayoq ostin-ustun bo‘lib ketibdi. Alisher borib tushgan ertakning podshosi So‘z ekan. Uning Sifatlash, O‘xshatish, Istiora, Kuchaytirish, Jonlantirish, Qarshilantirish, Alliteratsiya degan ko‘plab xizmatkorlari bor ekan.

–   Voy-bo‘y! – debdi buni eshitgan Alisher, – shu ham ish bo‘libdimi?

–   Albatta, qiyin ishda, – debdi Sifatlash, – juda qiyin.

–   Bu bola sizning qadringizni bilmayapti. Xuddi qurigan daraxtday hissiz ekan, – debdi O‘xshatish.

–   Men esa uni har bir so‘zini o‘lchaydigan bola, deb o‘ylagan edim. Uning tasavvuri umuman parvoz qila olmas ekan, – debdi Istiora.

–   Hozir qanaqa obraz yasayapsiz? – so‘rabdi miyig‘ida kulib Alisher.

–   Daraxt obrazini yasayapmiz, – deyishibdi tasviriy vositalar bir ovozdan.

–   Daraxtning nimasini yasayapsiz? – battar kulibdi Alisher.

–   Buni bilish uchun biroz muddat yonimizda qol, – debdi O‘xshatish.

–   Lekin, men bo‘lmasam, ikki dunyo bir bo‘lsa ham daraxtning qandayligini bila olmaysizlar: U yoshmi-qarimi, o‘rikmi-yong‘oqmi, chiroylimi-xunukmi, yashilmi-sariqmi? Men borligim uchun uning yashil­ligini, o‘rik daraxti ekanligini, qariligini, chiroyliligini bildingiz. Men uning barglarini zumraddek, mevalarini oltindek, dedim.

–   Men esa to‘polonchi bolalarni ko‘rgach, mevalarni qoqay deb unga tosh otishlaridan yuragini hovuchlab turibdi, deb aytdim, – debdi Istiora.

–   Men  esa daraxtni jonlantirdim, – debdi jonlantirish, – shunda u menga ertak aytib berdi.

–   Har yili 10 marta hosil berishi-yu, har daraxtdan vagonlab meva ortilishi haqidami? – so‘rabdi Mubolag‘a.

–   U haqda ham, inson haqida ham.

–   Ha, – debdi Qarshilantirish, – inson ham yaratuvchi, ham vayron qiluvchi, ham ulug‘vor, ham tuban, ham shoh, ham gado.

–   Obraz o‘zi nimadan tashkil topadi? – so‘rabdi Alisher.

–   Obrazmi? Tasvir, tasavvur va ifoda yig‘indisidan, – debdi So‘z, – boshqacha qilib tushuntirsam shakl, mazmun va hissiy bahodan iborat. Masalan, sen – Alisher, o‘z shakling-gavdang, oyoq-qo‘ling bor. Mazmuning – ichki dunyoying. Sening shakling mohiyatingga to‘g‘ri kelmasligi mumkin. Masalan,  qiyofang juda chiroyli bo‘lishi, ammo iching qora bo‘lishi mumkin, – debdi So‘z.

–   Mana sening kirib kelishing bizning hislarimizga ta’sir qildi. Sening ko‘rinishing, gaplaring orqali obrazing haqida bizda manmanroq, takabburroq, degan taassurot qoldi. Balki, unday emasdir. Asarlarda salbiy obrazning ijobiylashuvi ko‘proq uchraydi. Balki, sen ham ijobiy tomonga o‘zgararsan, – debdi Sifatlash.

–   Baribir mamlakatimizning, ishingiz­ning asosiy vazifasi-yu maqsadini anglay olmadim, – debdi Alisher. – Oddiy so‘z bilan gapirdi nima-yu, obraz yasadi nima, – hayron qolibdi u.

– Buni tushunish uchun tasviriy vo­sitalarning gaplarini eshitib, o‘zing xulosa chiqarasan.

 

Davomi kelgusi sonda

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.