Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Bahor o‘tib, issiq yoz kelibdi. Kunlar uzayib, tunlar qisqaribdi. Kirpi xola bilan Tikanvoy kunduzi uxlab, kechki salqinda ovga chiqar ekan. Tongda xo‘rozlarning “Qu-qu-ra-qu” degan jarangdor qichqiriqlari eshitilayotgan paytda esa inlariga qaytib kelishar ekan.

Ularning bugungi ovi juda zo‘r bo‘libdi. Tikanvoy ovchilikda onasidan ham chaqqon ekan. U ellik beshta chivin, o‘n ikkita qora qo‘ng‘izni tutib, bir o‘zi yeb qo‘yibdi. Lekin qorni sal og‘rib qolibdi. Shunga qaramay, onasiga jon-jahdi bilan yordamlashibdi. Uchta oppoq, do‘mboq qo‘ziqorinni yelkasiga ortmoqlab, uyasiga olib kelibdi. Gapirishga ham holi kelmay, xonaga kirishi bilan yerga to‘shalgan yumshoqqina barglar ustiga yotib,  qorinchasini silaganicha, pishillab uxlab qolibdi... Tikanvoy qancha uxlaganini bilmabdi. Uyg‘onsa, xayriyat, qorin og‘rig‘i  to‘xtagan ekan. U g‘imir-g‘imirlab goh o‘ng tomonga, goh chap tomoniga tinmay o‘girilibdi.

–   Jim yotib uxla. Hali vaqtli, – debdi onasi.

–   Onajon, juda isib ketdim. Ko‘chaga chiqsam maylimi?

Kirpi xola biroz sukut saqlagach:

– Mayli, chiqaqol. Faqat uzoqqa ketmagin. Hovuzchadan nariga o‘tmagin, – deb tayinlabdi.

– Xo‘p bo‘ladi, onajon! – debdi quvonib Tikanvoy.

U birinchi marta kunduz kuni ko‘chaga chiqibdi. “Voy-bo‘, havo buncha issiq, “qilt” etgan shabada yo‘g‘-a!” Tikanvoy asta yurib, olma daraxtining yoniga kelibdi. Issiqdan daraxtning novdalari, yaproqlari qimir etmasdi. “Olma daraxti uxlayapti!” – o‘ylabdi u va indamay hovuzcha tomon yo‘l olibdi.

Tikanvoy atrofi ko‘m-ko‘k o‘tlar bilan qoplangan hovuzchadagi suvga sehrlangandek tikilib qolibdi. Birdan orqa tomondan “Vaq! Vaq!” degan ovoz eshitilibdi. U cho‘chib o‘girilibdi. Bitta qurbaqa sakrab-sakrab kelib, uning yonida to‘xtabdi va:

–   Assalomu alaykum. Siz kimsiz, bu yerda nima qilib turibsiz? – debdi.

–   Vaalaykum assalom. Men Tikanvoyman. Bu yerda salqinlab turibman.

–   Men  Ko‘k qurbaqaman. Shu hovuzchada yashayman. Keling, do‘st bo‘lamiz.

–   Zerikib turgan Tikanvoyga qurbaqaning bu taklifi juda yoqibdi. Ular do‘st bo‘lishibdi. Birgalikda quvalashib, sakrashib, umbaloq oshib o‘ynashibdi.

–   Yuring, endi mazza qilib suvda suzamiz, – debdi Ko‘k qurbaqa.

–   Men suzishni bilmayman. Suzish osonmi, o‘rgansa bo‘ladimi? – debdi Tikanvoy.

Ko‘k qurbaqa hayron bo‘lib unga qarabdi, bir zum o‘ylanib qolibdi, so‘ng:

–   Sizni aldamayman. Birinchi marta suvda suzish oson emas. Ko‘ngilsizliklar ham bo‘lishi mumkin, – debdi.

–   Qanday ko‘ngilsizlik? – debdi qo‘rqib ketgan Tikanvoy.

–   Masalan, hovuzchaga cho‘kib ketish mumkin... Lekin siz qo‘rqmang, siz yolg‘iz emassiz. Men sizga yordam beraman. Muhimi, o‘zingizga ishoning. “Do‘stim suzayapti, men ham o‘rganib olaman”, – deb oyoqlaringizni astoydil harakat qildirsangiz, suzib ketasiz.

Ko‘k qurbaqa Tikanvoyni asta suvga tortibdi. Tikanvoy tanasiga muzdek suv tegishi bilan rostakamiga qo‘rqib, chinqirib yuboribdi. Kichkina oyoqchasi bilan Ko‘k qurbaqaning yelkasidan mahkam ushlab olibdi. “Cho‘kib ketsam-chi?” deb vahimaga tushibdi. Lekin do‘sti uning cho‘kib ketishiga yo‘l qo‘ymabdi. Unga tayanch bo‘lib, suv ostiga sho‘ng‘ibdi. Tikanvoy esa o‘zi bilmagan holda qirg‘oq tomon suzib ketibdi.

Tikanvoy Ko‘k qurbaqadan minnatdor bo‘libdi. Unga rahmat aytib, ko‘tarinki kayfiyatda uyiga qaytibdi. Bo‘lgan voqeani onasiga hayajon bilan so‘zlab beribdi.

– Barakalla, bolajonim, suzishni o‘rganib olganing yaxshi bo‘libdi. Suzishni bilish biz tipratikanlar uchun ham zarur. Yaxshi do‘st orttirganing undan ham yaxshi. “Do‘sting – boyliging, jon ozig‘ing”, deyishadi, donolar. Tikanvoyim, yumshog‘im, ulg‘ayib qolganingdan nihoyatda xursandman, – deb Kirpi xola uni bag‘riga bosib, erkalabdi.

Onasining do‘stlik haqida aytgan hikmati, ayniqsa, ulg‘ayib qolgani Tikanvoyga juda-juda yoqibdi.

 

Zamira IBROHIMOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.