Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Bir yaylovda azim yongʻoq daraxti oʻsardi. U shunchalar baland ediki, quyuq shoxlari naq osmonga tutashgandek tuyulardi. Bundan tashqari qulochga sigʻmaydigan yoʻgʻon tanasi, zumraddek tovlanuvchi barglari kishining havasini keltirardi. Mevasi ham yirik-yirik, juda mazali edi. Har qanday yoʻlovchi bu kimsasiz yaylovdan oʻtgan vaqtda daraxt soyasida nafasini rostlagach, mevalarini yeb qornini toʻygʻizar, uni ekkan kishining haqiga uzundan uzun duo qilardi. Ertagimiz voqealari ana shu yongʻoq ostidagi chumolilar oilasida boʻlib oʻtadi. Daraxt tagidagi kovakda bir-biridan ahil, inoq chumolilar yashar edi. Bu yerda hammaning oʻz vazifasi boʻlib, ishlar soat millari kabi aniq va tartibli boʻlar edi. Ular yozi bilan uzoq-uzoqlardan ham don, oʻsimlik urugʻlari tashib, qishga zaxira gʻamlashardi. Shundoqqina tepalarida ulkan yongʻoq oʻsib yotar, aslida uning bir donasi, bir chumoliga qish boʻyi yetardi, ammo azaldan mehnat qilishga oʻrgangan chumolilar faqat yongʻoq bilan kun koʻrishni xohlamas edilar. Bu yongʻoqlarda yaylovdan oʻtgan yoʻlovchilarning ham, qushlarning ham, shu yaqin oʻrtada yashaydigan hayvonlarning ham ulushi borligini bilishardi. Shu tufayli – daraxt tagiga toʻkilgan, yoki inlariga tushib qolganlarnigina olishardi. Kunlarning birida qattiq shamol turibdi-yu, chumolilarning iniga allaqanday qoʻngʻizchani uchirib olib kelibdi. Bechora qoʻngʻizcha hushsiz ekan. Chumolilarning bir necha kungi muolajalaridan keyin oʻziga kelibdi va:

– Qayerdaman? Bu yerda nima qilyapman? Sizlar kimsizlar? – deya savollar yogʻdirib tashlabdi.

– Biz chumolilarmiz. Sen bir necha kun oldin qattiq shamolda bu yerga uchib kelding. Oʻshanda hushsiz eding. Xudoga shukr, oʻzingga kelding. Asli qayerdansan? Nega dovulda iningga berkinmading? – deyishibdi ular.

Maʼlum boʻlishicha, qoʻngʻizcha qoʻshni oʻtloqda, qari kashtan daraxtida oilasi bilan birga yashar ekan. Shamol turgan vaqtda kashtan uchidagi yaproqda uxlab yotgan ekan. Qoʻngʻizcha uyga qaytish uchun uchib ketmoqchi boʻlibdi, baxtga qarshi qanotlari qattiq shikastlangan ekan, uddalay olmabdi.

– Mayli, bir muddat biz bilan turavering, sogʻaygach uyga qaytib ketasiz, – deyishibdi chumolilar

– Bilmasam, – debdi qoʻngʻizcha. Keyin oʻylabdi: “Hozir uyga qaytsam yana ish, qishga tayyorgarlik, bir nafas tinchlik yoʻq. Bahonada dam olaman”.

Shunday qilib qoʻngʻizcha mehmonda qolibdi. Chumolilar erta-yu kech ishlashar, kuni boʻyi ozuqa topsalar, tuni bilan uni inga joylashtirar ekan. Tez orada Qoʻngʻizvoyning dangasaligini payqab qolishibdi. Dangasalik – halok qiluvchi gunohdir, deb hisoblaydigan chumolilar uni mehnat qilishga oʻrgatmoqchi boʻlishibdi. Chunki bu orada qoʻngʻizcha butunlay sogʻaygan boʻlsa ham, ammo hanuz ishga chiqishni, mehnat qilishni xohlamayotgan ekan-da.

– Kunning issigʻida ozuqa topish shartmi? Yana uni uzoqlardan tortib kelish ming bir azob. Shundoq tepangizda butun oilaga yetarli yongʻoqlar boʻlsa. Barchasini terib olsangiz boʻldi. Sal aql bilan ish koʻrsangiz, soyada ham ozuqa topa olasiz-ku, – derdi tinmay.

– Yoʻq! – deyishibdi chumolilar, – yoʻq, bunday qilib boʻlmaydi. Bu daraxtda barchaning nasibasi bor. Shuning uchun bizga bu ish toʻgʻri kelmaydi. Issiqda ishlasak, charchasak ham halol rizq topyapmiz, shu yetarli.

– Mayli, oʻzingiz bilasiz. Men mehmonman, sizlarni majburlamayman. Shunchaki maslahat beraman xolos. Unga rioya qilish sizdan, – debdi Qoʻngʻizcha.

Bir kuni chumolichalardan biri unga birga ishlashni taklif qilibdi. Qoʻngʻizcha u bilan oʻynashni yaxshi koʻrardi. Shuning uchun uning taklifi yoqmasa ham, noiloj rozi boʻldi. Lekin tashqariga chiqishi bilan issiqqa dosh berolmay soyaga qochdi. Doʻstiga esa:

– Meni kechirgin-u, quyoshda, jaziramada ishlashni xohlamayman, – debdi.

Nihoyat, chumolilar Qoʻngʻizchaga soyada ishlashga ruxsat berishibdi. Lekin yalqov Qoʻngʻizcha soyada ham ishlashni qotirmabdi. Shundan keyin hech kim unga qaramay qoʻyibdi. Yoz oxiri, kuz yaqin. Tezroq harakat qilish kerak ekan. Kunlarning birida Qoʻngʻizcha yongʻoqlarga qarab turib oʻylabdi: “Shunday mazali mevalar, toʻyimli ham, lekin terish qiyin-da, birorta qushdan iltimos qilib koʻray, yongʻoqni yerga tashlasin, men esa inga tashiy. Chumolilarni bir lol qoldiray”. Shunday boʻlibdi ham. U bir muddat oʻylanib turgach daraxt shoxidagi Chumchuqqa taklifini aytibdi. Chumchuq ham bajonidil rozi boʻlibdi. Birinchi yongʻoq yerga tushibdi. Qoʻngʻizcha bir muddat dumalatibdi-yu charchab qolibdi. Shunda don ortmoqlab kelayotgan Chumolivoyga koʻzi tushibdi. “Men chumolidan kuchliroqman, shuning uchun yongʻoqlarni yelkamda tashiyman”, degan qarorga kelibdi va bir yongʻoq tagiga turib olibdi. Uning niyatini anglagan qushlar, chumolilar, umuman olganda shu yaqin oʻrtadagi barcha jonivorlar “qani nima boʻlar ekan?” deb unga tikilib qolibdi.

Chumchuq Qoʻngʻizcha aytgandek u tagida turgan yongʻoqni uzibdi. Yongʻoq katta kuch bilan uning ustiga tushibdi. Qoʻngʻizchaning dangasaligi oʻzining boshiga yetibdi. Tabiat ato etgan moʻjaz qanotlari endi unga xizmat qilmaydigan boʻlib qolibdi. Uchishni xohlamagan Qoʻngʻizcha endi xohlasa ham ucholmasdi.

Bu voqea boʻlib oʻtganiga ancha boʻldi. Qancha suvlar oqib oʻtibdi. Balki oʻsha daraxt hali ham bordir, lekin erta-yu kech soyada yurish bahosi shu yaqin oʻrtadagi jonivorlarga saboq boʻlibdi. “Darhaqiqat, quyoshga chiqib turish kerak, aqalli yorugʻlik va harorat taftini bilish uchun”, – derdi mehnatkash chumolilar.

 

Malika TOHIROVA,

Buxoro shahar 32-maktab oʻquvchisi, “Yosh kitobxon” koʻrik-tanlovining respublika bosqichi 2-oʻrin sohibasi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.