Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Gaplar “mixdek” bo‘lsin

Va nihoyat, yana dushanba!  Bugun maktab, bugun bayram! Ammo bayram kuni yoqimsiz ishlar ham bo‘lib turarkan: matematikadan nazorat ishi. Va nihoyat, yana dushanba!  Bugun maktab, bugun bayram! Ammo bayram kuni yoqimsiz ishlar ham bo‘lib turarkan: matematikadan nazorat ishi. Muhammaddiyor ko‘ngli bo‘sh bola. Iltimos qilsangiz, “yo‘q” demaydi. Lekin shu xislati unga boshog‘riq bo‘ldi. – Masalani nima qilding, Diyor?– Aytolmayman.– Iye, seni o‘g‘il bola, o‘rtoqmiz deb yuribman-a?– Mana, tez ko‘chir.– Axir, men boshqa variantman, topshirig‘im boshqa!– Ber buyoqqa daftarni.Shu-shu Muhammaddiyor sinfdoshlariga matematikadagi nazorat ishlarini ishlab beradigan bo‘ldi. Sinfdoshlar unga min­natdorchilik bildirar, hurmati oshib qolganidan ozgina “mashhurlik kasali”ga chalingandek edi. Lekin bir kuni... o‘zi “4” oldi-yu, matematikada “oshqovoq” bo‘lgan Sardor “5” olsa bo‘ladimi?! Tishlay desa, tirsagi – o‘zi ishlab bergan.Muhammaddiyorga shunday alam qildiki... ichi to‘lib ketganida kimgadir gapirgisi keladi. Oyisiga hammasini aytdi. Onasi o‘g‘lining yaxshi o‘qishidan faxrlansa, ko‘ngli bo‘shligi, soddaligiga achindi.– Yana, oyi, “Rahmat” aytishi kerak bo‘lgan “2”chilar meni mensimay qo‘yishdi! Endi yordam bermayman. Nima deysiz?– Savolingga o‘zing javob berding. Ular sening yordamingga muhtoj emas, aslida. Agar yordam kerak bo‘lsa, “Ishlab ber” emas, “Tushuntirib ber”, “Birga ishlaylik”, “Dars qilaylik” degan bo‘lardi. Nazorat ishini yumaloq yostiq qilib yozib bersa, olam guliston emas-da!– “Yumaloq yostiq?” Muhammaddiyor o‘quvchilar nazorat daftarining o‘rniga katta, yumaloq yostiqqa yozib, o‘qituvchiga topshirishini xayolan tasavvvur qilib, kulib yubordi.– Nazorat ishi qanday yumaloq yostiq bo‘ladi?– Ishni naridan-beri, qo‘l uchida qilinsa shunday deyiladi.– Qo‘lning o‘rtasida qilish kerakmi?– Xuddi, shunday! Yeng shimarib, kallani bir yerga qo‘yib, o‘pkasini bosib ish qilish kerak, – ataylab iboralarni qatorlashtirib gapirdi onasi.– Yengni shimara olaman-u, o‘zi yaxshi turgan kallamni qayerga qo‘yishim kerak, o‘pkam ham uchib ketmayapti...– Dars tugasaydi, deb o‘tirgan bolalarning o‘pkasi joyida bo‘lmaydi. Tanaffusda oshxonadan ichimlik olib ichsam, degan o‘quvchilarning ham kallasi o‘sha vaqt maktab oshxonasida tentirab yurgan bo‘ladi, o‘g‘lim.Muhammaddiyor deyarli har tanaffus oshxonaga yuguradigan ba’zi sinfdoshlarining boshi oshxonadagi yeguliklar rastasi atrofida uchib yurishini xayoliga keltirib, qotib-qotib kuldi.– Ko‘chirish ham, ko‘chirtirish ham yaxshi emasligini tushungan bo‘lsang, do‘ppingni osmonga ot!– Oyi, bu nima degani endi?– Oshig‘ing olchi, qandingni ur, degani.– Qaysi tilda gapiryapsiz?– “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” degan kitobdan topib olasan bu gaplarning ma’nosini. Shu iboralarni o‘rganib olsang, gaplaring “mixdek” bo‘ladi.– To‘xtang, yozib olay. Internetdan so‘rayman.– Tesha tegmagan so‘zlar internetda bo‘lmaydi.– So‘zga qanday tesha tegishi mumkin? O‘ylab gapiryapsizmi?– Bo‘lmasam-chi! Muhammaddiyor qiziq gaplarni yozib qo‘yishni yaxshi ko‘radi. Hozir ham bloknotini olgani xonasiga yugurdi.

Gulgun USMONOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.