Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Maktabdagi “Qochoq”

Maktab direktori Nosirov o‘z ta’biri bilan aytganda “razvedkaga chiqdi”. Tez yurib, tez gapirganigami yoki tabiatidagi shiddat sabablimi ayrim shumtaka o‘quvchilar unga “pistolet” deb laqab qo‘yishgan. Direktor  hozir odatiga zid tarzda sekin qadam tashlar, har sinf eshigi yonida to‘xtab, bir zum ichkariga quloq tutardi.

– Hmmm, tuzuk, – ko‘ngli to‘lib, o‘qi­tuvchilaridan, bir qadar o‘zidan ham faxrlandi u. – Hamma sinfda darslar binoyiday o‘tilyapti. Nazorat zo‘r-da, nazorat! Ha endi, ming ishchidan bir boshchi a’lo deganlar! Mana, manovi yosh o‘qituvchi Ahmadjonov ingliz tilida bulbulday sayrayapti-ya! Barakalla! Xo‘sh, manovi sinfda jonhalak Qo‘shshayeva dars o‘tyapti. Salgina shovqin bor-u ...ha, ana o‘quvchilarini tartibga chaqirdi. Xo‘p, yaxshi...

Direktor shu zaylda ikkinchi qavat taftishini tugatib, uchinchi qavatga ko‘tarilar ekan, qahr-u g‘azabga to‘la qattiq-qattiq ovozlarni eshitib, qadamini tezlatdi. Yana bir o‘qituvchi intizomsizlik qilgan qaysidir o‘quvchining po‘stagini qoqyapti. Nima deyayotgani aniq eshitilmayapti-yu, lekin o‘qituvchi yomon urishyapti. Tinchlikmikan, ishqilib?!

Zinaning chiqaverishidagi 8-“A” sinf eshigi qiya ochiq turar, endi aniq eshitila boshlagan alamli, zaharli so‘zlar quloqqa, yo‘q, naq qalbga o‘qday sanchilardi:

– Yurt ishiga yaramagan bola, qay ishga yaraydi?!

– Iye, Eshmuhammedovaning ovozi-ku bu?! Tavbangdan ketay, muloyimgina, bilimli, madaniyatli sanalgan bu o‘qituvchi buncha baqirmasa-ya?!

– Xoin! Qochoq! Nomard! Tur o‘rningdan!

– Voh, niqobli chayon, zaharli ilon ekan-ku bu?! Yo‘q, ilon ham po‘st tashlaydi bu so‘kish, haqoratlarni eshitib! Mana uning haqiqiy yuzi! O‘quvchilarga shunday muomala qilar ekan-da! Uyat, isnod, hayf o‘qituvchilik!

Nosirov eshikni shahd bilan ochdi.

Eshmuhammedova doska oldida turib olgan, bir qo‘lida kitob, bir qo‘lini sermab birinchi partada serrayib tik turgan ozg‘ingina, novcha o‘quvchiga baqirardi:

– Yur!

– Qayoqqa?! – dedi sinfga kira turib direktor.

O‘quvchilar duv o‘rnidan turib salom berdi. Direktor esa salomga parvo qilmay, qalt-qalt titraganicha to‘xtamay o‘qituvchining ustiga to‘g‘ri bostirib bordi.

– Kimga buncha nafrat, g‘azab?

– Tursunboyga, – tal­mov­siradi o‘qituvchi.

Qaysi Tursunboy?!

– I..Ikromjonning o‘g‘li...

Sinf bir lahza dong qotdi. So‘ng o‘quvchilar bo‘shashib joyiga cho‘kishdi. Birgina birinchi partadagi o‘quvchi hamon tik turar, ko‘zlarini katta-katta ochib, direktorga tikildi. Direktor esa o‘qituvchining yonida to‘xtab, odaticha nafas olmay hayajonning zo‘ridan bidillay ketdi:

– Uyalmaysizmi-a, uyalmaysizmi? Nima haqqingiz bor-a, nim-ma haqqingiz bor?! Odam ham shunchalar past ketadimi? Kim aytadi sizni pedagog deb! Bular norasida bola, yozilmagan oppoq qog‘oz-ku axir?!

O‘qituvchi kalovlanar, gapirishga og‘iz juftlar, Nosirov izn bermay ta’na-dashnomlarni do‘lday yog‘dirardi.

– Men...men... nima qildim axir?

– Gapirmang! Umuman og‘zingizni ochmang! Nima qildim emish! Birov aytsa ishonmasdim, o‘z quloqlarim bilan eshitib, o‘z ko‘zlarim bilan guvoh bo‘lib turibman. Ertagayoq majlisda masalangizni muhokama qilaman! Jim bo‘ling dedim! – gapirmoqchi bo‘lgan o‘qituvchi ayolni siltab tashlab hamon shumshayib turgan o‘quvchiga yuzlandi:

– Sen xafa bo‘lma, bolam. Nega dars­dan qochganingni tushungandayman, – o‘qi­tuvchiga o‘qrayib qarab so‘zida davom etdi u. – Yur, nega qochganingni sekin menga tushuntir-chi.

– Men...men... qochmadim, – battar kalovlandi bola.

– Mayli, Tursunboy, yur tashqarida batafsil gaplashamiz.

– Men Tursunboy emas, To‘lqinboyman.

Shundagina boyadan beri hayronlikka cho‘mgan sinfda birdan qahqaha jarangladi. Kulgu tovushidan deraza oynalari zirillab ketdi. Nosirov bir lahza hayron bo‘lib turdi.

Xullas, ma’lum bo‘lishicha adabiyot o‘qituvchisi shoirtabiat Eshmuhammedova sinfning a’lochi o‘quvchisi Rizayev To‘lqinboy bilan S.Ahmadning “Ufq” trilogiyasidan – darslikda berilgan “Qochoq” parchasidan rollarga bo‘linib dialog o‘qishayotgan, direktor kelib qolgan ayni paytda to‘qayda qochoq o‘g‘lini uchratib qolgan otaning iztirobli hayqiriqlari yangrayotgan joyi ekan.

Buni eshitgan direktor ham yayrab kuldi.Yana uning kulgisi qanday kulgu deng!

Kamchilik odamlardagina uchraydigan og‘zini ochmay “kulgini qorniga qamab” kulishning antiqa usuli – katta tarvuzday qorin selkillab borib kelar, yuzi qizarib bo‘g‘riqib ketgan edi. Uning turish turmushi ham bolalarning kulgisiga kulgi ular, avval vaziyatdan kulgan bo‘lsalar, endi direktorning antiqa kulgisidan kular edilar.

 – Eeee, uzr, ming bora uzr, – dedi u nihoyat kula-kula peshonasini ro‘molchasi bilan artar ekan. Men bu o‘quvchingiz darsdan qochgan-u siz uni haqorat qilyapsiz deb o‘ylabman. Endi men fizik bo‘lsam, bu asarlaringizni bilmasam. Lekin qoyil, Eshmuhammedova, ofarin! Xullas, haligi gapim gap. Endigi majlisga albatta masalangizni qo‘yaman. Lekin o‘qituvchilik mahoratingizni e’tirof etaman! Mayli, unda davom qilaveringlar. Yana bir bora uzr.

Direktor shitob bilan sinfdan chiqib zinalardan pastga tushar ekan boshini chayqar, qorni silkinib kulib borar, doim g‘ashiga tegadigan “pistolet” laqabini bolalar topib qo‘yishgan, deb, ich-ichidan o‘zining qiziqqonligini ham koyib borardi.

 

Salomat ESHIMBETOVA,

Beruniy tumani 47-maktab ona tili va adabiyot o‘qituvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.